Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlarining Nurota tumanidagi xayrli tashabbusi


Ma'lumki, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2018 yilning 2 martidagi Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Xatirchi tumanida o‘tkazilgan viloyat faollari yig‘ilishida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy faoliyatida har bir sohaga ilm olib kiritish, ayniqsa qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashish, qishloq joylarda yashovchi aholining tomorqalaridan unumli foydalanishga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqish bo‘lim olimlarining ustivor vazifalaridan biri ekanligini alohida ta'kidlagan edilar.

O‘zbekiston Respublikasi ekologik partiyasidan Nurota tumani 59-Chuya saylov okrugidan Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi deputatligiga saylangan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi A.U.Mirzaev o‘zining saylov oldi dasturida qishloqlarda yashayotgan ishsiz yoshlar va ayollarning bandligini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan dorivor o‘simliklarni qishloq joylarda yashovchi aholi tomorqalarida yetishtirishni tashkillashtirish, qishloq ayollari va muayyan ish bilan band bo‘lmagan yoshlarni biznes ko‘nikmalariga o‘rgatishni rejalashtirgan edi.

Ushbu tashabbus Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining uchinchi kengaytirilgan sessiyasida ham qo‘llab-quvvatlandi. Joriy yilning 16-20 mart kunlarida Navoiy bo‘limi yosh olimlari qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi O‘.T.Hakimov boshchiligida, O‘zbekiston ekologik partiyasi Navoiy viloyat kengashi hamkorligida Nurota tumanining Yangibino, Xayrabod, Oqqula, Burliboy, Jarma, Soykechar, Qoraqum, Papanay, Jilontamg‘ali, Chuya, Mushkan va Qadoq qishloqlarida dorivor o‘simliklarni har bir qishloqda 3-4 xonadonda ekib ko‘rsatib, qishloqlar yoshlariga va ayollariga dorivor o‘simliklarni ekish, parvarishlash tartibi to‘g‘risida tushunchalar berishdi va bu bo‘yicha qo‘llanmalar tarqatishdi.

Bunda dorivor o‘simliklar: tirnoqgul (kalendula), moychechak (romashka) urug‘lari xonadonlarga bepul tarqatilib, kuzda yetishtirilgan hosilni, ya'ni ekilgan o‘simlikning soyada quritilgan gullarini tirnoqgulning har kilosiga 22000 so‘m va moychechakning har kilosiga 35000 so‘mdan Navoiy bo‘limi tomonidan sotib olinishi ko‘zda tutilgan Bo‘lim hamda yetishtiruvchi fuqaro o‘rtasida ikki tomonlama shartnomalar tuzildi.

Bundan tashqari Navoiy bo‘limi olimlari shartnoma asosida ekilgan dorivor o‘simliklarni o‘sish jarayonini joylarga chiqib, har oyda kamida 1-2 marta ilmiy kuzatuvini olib borishadi va zarur bo‘lganda tavsiyalar berishadi.

Albatta, Navoiy bo‘limi olimlarining bu sa'y-harakatlari ozgina bo‘lsada qishloq joylarda yashovchi aholining tomorqalaridan daromad olish imkoniyatini yaratish bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi 205-sonli “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosining faol mexanizmi sifatida qishloq ayollarini va doimiy ish bilan band bo‘lmagan yoshlarini foydali mehnatga o‘rgatish orqali tomorqaning real daromad manbai ekanligini aholining ongiga singdirishga, ularda boqimandalik qusuridan voz kechishga, biznes ko‘nikmalar hosil bo‘lishiga turtki bo‘ladi.

Eng asosiysi birinchi qadam tashlandi, endigi harakat ushbu yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni, xom-ashyo holida emas, balki tayyor mahsulot xoligacha yetkazib, zamonaviy qadoqlangan holda iste'molchiga sotishdir, albatta tozalangan, qayta ishlangan, qadoqlangan mahsulotning sotilish narxi 8-10 barobar yuqori bo‘ladi. Bunda tadbirkorlarimiz bilan davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni, tozalangan qadoqlangan holga keltirish, ya'ni qayta ishlash hamkorlikda tashkil etilishi kerak, bu esa dorivor o‘simlikni o‘z tomorqasida yetishtirgan qishloq fuqarosining daromadini bir necha barobar ko‘proq bo‘lishiga olib keladi. Navoiy bo‘limi olimlari ushbu savobli ishni amalga oshirishda Viloyatimizdagi tadbirkorlarni hamkorlikka chaqiradi.

FA Navoiy bo‘limi

matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!