Fan va ishlab chiqarih uyg'unligi yo'lida


 

Navoiy viloyatida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi huzuridagi Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashning VI kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir doirasida ilk bor uning ishtirokchilarini uch kun davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish ob’ektlari bilan tanishtiruv safari tashkil etildi. NKMK bosh direktori Q. Sanoqulov va O‘zbekiston Respublikasi FA prezidenti B. Yo‘ldashev yurtimizda fan, ta’lim va sanoatning integratsiyalashuv jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida ushbu sayohatni o‘tkazish haqida oldindan kelishib olgan edilar.

Mamlakatimiz Fanlar akademiyasi va oliy o‘quv yurtlarining ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, ilmiy markazlardan tashrif buyurgan 40 nafarga yaqin yetuk olim Navoiy KMKning Markaziy va Shimoliy kon boshqarmalari hamda Navoiy sanoat maydoni ob’ektlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Safar davomida fan doktorlari, ilmiy xodimlar zavod, laboratoriya va konlarning rahbar hamda muhandis-texnik tarkibi bilan suhbat olib bordi. Joylarda ishlab chiqarish, texnika va texnologiya sohasidagi dolzarb yo‘nalishlarda barchani qiynayotgan, birgalikda yechimini topish zarur bo‘lgan muammolar muhokama qilindi.

Navoiy davlat konchilik institutining mazkur oliy o‘quv yurti yo‘nalish va mutaxassisliklari hisobga olinib, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro yaqinlashuvini ta’minlash maqsadida kombinat bazasida tuzilgan texnoparki mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. U ayrimlari hatto O‘zbekistonda ham noyob va yagona nusxada bo‘lgan zamonaviy jihoz, uskuna va qurilmalar, shuningdek, amalda foydalanilayotgan mashina va majmualarning modellari bilan boyitilgan. Bu yerda talabalar nafaqat o‘z ixtisosligi bilan yaqindan tanishadi, balki har xil sinovlarni qo‘llab, tajriba o‘tkazadi.

Yig‘ilishning so‘nggi kunida olimlar va kombinat xodimlari birgalikda ishlab chiqarishda mavjud muammolarni yaqin istiqbolda xo‘jalik shartnomalarini ijro etishga yo‘naltirilgan holda iqtisodiy va texnik tomonlama asoslangan yechimlarini topish ustida ishladilar.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limining tadqiqotchi-stajyori


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!