Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi o‘quv qo‘llanma chop etildi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda “Qishloq xo‘jaligining biologik asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlab, chop etdilar. Kitobning mualliflari – O‘.T.Xakimov, Sh.I.Kodirova, A.J.Kushakov hamda B.E.Jumaboyevlar.

Ushbu o‘quv qo‘llanma Pedagogika oliygohlarining «5110400 - Biologiya» ta'lim yo‘nalishlarida o‘qiydigan talabalar uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan 2020 yilning 4 avgustida tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligining biologik asoslari” fani dasturi asosida tayyorlangan. O‘quv qo‘llanma “Tuproqshunoslik”, “Dehqonchilik”, ”Sabzavotchilik”, ”O‘simlikshunoslik” deb nomlangan to‘rtta bo‘limni o‘z ichiga olgan.

Bugungi kunda aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabining ortib borishi, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash dolzarb masalaga aylangan. So‘nggi yillarda fan-texnika taraqqiyoti natijasida qishloq xo‘jaligining yangi, zamonaviy texnikalar, intensiv tipdagi navlar, duragaylar, biologik faol moddalar, turli yo‘nalishdagi ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyat ko‘rsatish uchun tayyorlanayotgan mutaxassislarning chuqur, serqirra, malakali bilimga ega bo‘lishi talab qilinadi.

Shuni inobatga olgan holda, ta'kidlash joiz-ki, mazkur o‘quv qo‘llanma bo‘lg‘usi biologiya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi kasb egalari, magistrantlar va ishlab chiqarish mutaxassislari uchun muhim o‘quv adabiyoti bo‘lib xizmat qiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!