Qadimiy Xivada ilmiy anjuman va ishlanmalar ko‘rgazmasi


2023 yilning 18-19 may kunlari qadimiy Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma'mun akademiyasi, Qoraqalpog‘iston va Navoiy hududiy bo‘limlarining anjumani va ilmiy ishlanmalari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Mazkur yirik tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, Xorazm Ma'mun akademiyasi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda FA Navoiy bo‘limi olimlari hamda tayanch doktorantlari faol ishtirok etdilar. O‘z ishlanmalari bilan Fanlar akademiyasining bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari ham qatnashdilar.

Ko‘rgazmada Navoiy bo‘limning noma'dan foydali qazilmalarini qazib olish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va pedagogika sohalaridagi ishlanmalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, Xorazm viloyati hokimligi vakillari hamda Xiva shahri hokimi Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan va respublikamizning bir qator viloyatlarda dala sinovlaridan o‘tkazilgan lalmi va sho‘rlangan tuproqli yerlarda ham hosildorlikni ko‘paytirishga imkon beradigan chigit va bug‘doy urug‘ini bentonit gili kukuni bilan qobiqlash ekish hamda o‘simliklarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usullarini Xorazm viloyatida ham tajribadan o‘tkazish va mahalliy fermerlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishni taklif qildilar. Navoiy bo‘lim rahbariyati va ilmiy xodimlari hamkorlikka tayyor ekanliklarini ta'kidladilar.

Bundan tashqari, ko‘rgazmada Navoiy bo‘limi tomonidan yuqorida qayd etilgan ishlanmalardan tashqari, Vaush konidan (Navoiy viloyati Navbahor tumani) olingan noma'dan foydali qazilmalar – qurilish ehtiyojlari uchun boyitilgan kvars qumi va bentonit gillari, dolomitdan olingan magnezit, shuningdek, Toshqazgan koni (Buxoro viloyati) boyitilgan grafitidan olingan hamda Tebinbuloq koni (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) vermikulitdan tayyorlangan va boshqa tayyor mahsulotlar taqdim etildi.

Birinchi kuni Fanlar akademiyasi hududiy bo‘limlarining anjumani yalpi majlisida Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev o‘z ma'ruzasi bilan ishtirok etdi. Unda u Navoiy bo‘limi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan 2017 yilda tashkil etilishi viloyat uchun nihoyatda katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqea bo‘lganini ta'kidlab, o‘tgan yillar mobaynida Bo‘lim tomonidan bajarilgan ishlar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.

19 may kuni Yosh olimlar anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bexzod Yuldashev ochib berib, so‘nggi yillarda Yurtboshimiz tashabbusi bilan respublikada ilm-fan va ta'lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, olimlar va o‘qituvchilarga, hususan, ularni moddiy rag‘batlantirishga, samarali faoliyat olib borish uchun shart sharoitlarni yaxshilashga va jamoatchilik o‘rtasida nufuzini oshirishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, ilm-fanga o‘zini bag‘ishlashga qaror qilgan yoshlar oldida barcha eshiklar ochilganini, faqat mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirish zarurligini ta'kidladilar.

Anjumanda Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti Mirjalol Tuxtamishev “Nasldor qorako‘l qo‘chqorlarini genodiagnostik baholash usullari” nomli ma'ruzasi bilan qatnashdi. U O‘zbekistonda mazkur ilmiy tadqiqot olib borish uchun birinchi bor FA Navoiy bo‘limida maxsus laboratoriya tashkil etilganini ta'kidlab, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

Bunda tashqari, anjuman doirasida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘lim bir qator tashkilot va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan kelishuvlar imzoladi. Jumladan, Navoiy bo‘limi hamda Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va mazkur bo‘limning Qoraqalpoq Tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan hududlarda o‘tkazaladigan keyingi tadbir Samarqand shahrida kuzga rejalashtirilmoqda.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!