Oldinda tarixiy siyosiy voqea kutmoqda


Yaqinda, 2023 yil 30 aprel kuni butun O‘zbekiston Respublikasi hududida Umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi, unda respublikamiz fuqarolari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilish uchun ovoz berishlari mumkin. Har bir siyosiy partiya o‘z tashviqot ishlarini olib bormoqda. Ular orasida eng yoshi – O‘zbekiston ekologik partiyasi ham mavjud, uning rahbariyati 18 aprel kuni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti majlislar zalida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Ekologik partiyasidan Xalq deputatlari Navoiy viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylangan deputatlar, Ekopartiya faollari, Navoiyda joylashgan oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari hamda O‘EP boshlang‘ich tashkiloti faoliyat olib borayotgan FA Navoiy bo‘limining olimlari, doktorantlari va stajyor-tadqiqotchilari ishtirok etdilar. Yig‘ilganlar oldida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Xamzayev va O‘EPdan saylangan Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati, FA Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayevlar ma'ruza qildilar.

Ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilinganligini va unga o‘zgartirishlar ilgari faqat Oliy Majlis tomonidan kiritilganligini ta'kidladilar. 30 aprel kuni bizda katta siyosiy tadbir bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yildan buyon O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Respublika Konstitutsiyasiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushdi. Aytish mumkinki, referendumning ijobiy natijalari bilan O‘zbekiston Respublikasida “xalqchil Qomus” qabul qilinadi. Uni xalq yozgan va xalqning o‘zi tanlaydi.

Shunday qilib, xalq takliflari asosida Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni 128tadan 155taga, normalar soni 275tadan 434taga, ya'ni Asosiy Qonun matnining 65 foizi aholi takliflari asosida yangilandi. Konstitutsiya loyihasining yangi tahririda ekologik huquqlarga ko‘proq e'tibor qaratilgan. Jumladan, 49-moddada quyidagilar ko‘rsatilgan: “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta'minlash va atrofmuhitga zararli ta'sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi”.

Agar fuqarolar “ha” deb ovoz berishsa, O‘zbekiston Respublikasining Asosiy Qonuni mamlakatda so‘nggi yillarda ro‘y bergan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlarni qonuniy jihatdan mustahkamlaydigan yangi normalarning paydo bo‘lishi tufayli sezilarli darajada o‘zgaradi. Shularni inobatga olgan holda, ma'ruzachilar uchrashuv ishtirokchilarini fuqarolik pozisiyasini nomoyon qilishga, porloq kelajak uchun yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning guvohi emas, balki faol ishtirokchisi bo‘lishga chaqirdilar. Umumxalq referendum kuni saylov uchastkalariga biron sababga ko‘ra bora olmaydiganlar 19-26 aprel kunlari o‘z muddatidan oldin ovoz berish huquqlaridan foydalanishlari mumkin.

So‘ngra talabalar ham o‘z fikrlarini bildirdilar. Tadbir qo‘shiq va raqslar o‘z ichiga olgan bayram dasturi bilan yakunlandi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!