Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi qoshida Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish istiqbollari


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning har safar olimlar bilan uchrashganlarida alohida urg‘u berib: "Biz yetishtirgan mahsulotimizni, ayniqsa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini xom-ashyo holida emas, balki ilmiy yondashib, olimlarimizning innovasion ishlanmalaridan foydalanib, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi samarali hamkorlik asosida chuqur qayta ishlab, tayyor holga keltirib jahon bozoriga olib chiqsakkina, dehqonlarimiz dasturxonini to‘kin-sochin qilish bilan birga, yurtimiz iqtisodiyotini ko‘zlagan yuqori cho‘qqiga ko‘tara olamiz" - degan da'vatlari olimlar oldiga aniq vazifalar quyadi.

 

 

Ayna shu yunalishda FA Navoiy bo‘limi tomonidan bir qator ishlar olib borilayapti. Masalan, Bo‘lim olimlarining sa'y-harakatlari bilan Navoiy viloyati Nurota tumanining chekka qishloqlarida yashovchi aholining tomorqalarida dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda. Hozirgi vaqtda, Bo‘limning yosh olimlari o‘simliklarning o‘sishini doyimiy monitoringgini olib borishmoqda, natijalar esa, ko‘ngildagidek. Bundan yoshlar ilhomlanib, ushbu yo‘nalishdagi ikkinchi qadam sifatida o‘zlarining yana bir g‘oyalarini, ya'ni Navoiy bo‘limi qoshida Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish taklifini tayyorladilar.

Bunda, Navoiy bo‘limi qoshida klaster tashkil etish quyidagi ikki bosqichda amalga oshirilishi taklif qilinmoqda.

Birinchi bosqichda, dorivor o‘simliklar yetishtirish fermer xo‘jaliklari va qishloq joylardagi aholining tomorqasida shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnomada yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni bugungi bozor talabidan kelib chiqib, kelishilgan narxlarda sotib olishni Klaster o‘z zimmasiga oladi. Bunda, Klaster tomonidan dorivor o‘simliklarning qaysi turini ekish istagini bildirgan fermerlar va tomorqa egalari ushbu dorivor o‘simliklar urug‘lari, ekish va parvarishlash agrotexnikasi to‘g‘risidagi uslubiy-amaliy qo‘llanmalari bilan ta'minlanadi. Bundan tashqari, Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan ekilgan dorivor o‘simliklarning o‘sish jarayoning doimiy monitoringgi, video kuzatuv va bevosita joylarga chiqqan holda olib boriladi hamda mutaxassislar tomonidan zaruriy tavsiyalar berib boriladi.

Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan fermerlar va tomorqa egalari bilan hamkorlikning ushbu usulida shartnoma asosida 50 gektar yer maydonida quyidagi dorivor o‘simliklar ekish rejalashtirilgan. Topinambur, moychechak va amarant – 10 gektardan, qora sedona, kunjut, tirnoqgul va arpabodiyon – 5 gektardan hamda ekin maydonlari atrofiga 500 tupdan na'matak va achchiq bodom.

Bunda, ushbu ekin maydonlarida 200 tonna topinambur, 4 tonna moychechak, 15 tonna amarant, 5 tonna qora sedana, 10 tonna kunjut, 2,5 tonna tirnoqgul va 4,8 tonna arpabadyon hosil olish hamda yetishtirilgan hosilning 50 foizini qayta ishlab tayyor mahsulot holiga keltirish rejalashtirilmoqda.

Albatta, Navoiy bo‘limining yosh olimlari tashabbuslari bilan tashkil etilishi rejalashtirilayotgan dorivor o‘simliklar klasterining asosiy maqsadi - yetishtirilgan mahsulotlarini qayta ishlab iste'molchiga tayyor holda yetkazib berishdan iborat. Bunda, xom-ashyoni keyingi qayta ishlash jarayonidagi xarajatlar qoplangandan keyin, dorivor o‘simliklarni yetishtirgan fermerlar va tomorqa egalari ham tayyor mahsulotlarni sotilishidan olinadigan foydaga ellik foizgacha sherik bo‘lishlari imkoniyati bo‘ladi. Demak, olimlar, fermerlar va tomorqa egalarining bunday odilona hamkorligidan, sifatli tayyor mahsulot yetishtiruvchilar ham manfaatdor bo‘ladi.

Endi, eng asosiy muammo - bizning tashabbusimizni amalga oshishi uchun zarur bo‘ladigan dastlabki 1300,0 mln. so‘m pul mablag‘ini topishda qoldi. O‘zbekiston Innovasiya vazirligi tomonidan e'lon qilingan tanlovlarga ushbu yo‘nalishdagi loyihani tayyorlab topshirganmiz, ijobiy natija bo‘ladi, - degan umiddamiz. Bundan tashqari, viloyatdagi tadbirkorlarni va fermerlarni hamkorlikga chaqiramiz, balki Navoiy bo‘limiga imtyozli kredit olarmiz, maqsad ushbu taklifimizni amalga oshirish orqali yurtimiz iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish hamda qishloq joylardagi aholining tomorqalarini daromad manbaiga aylantirishga ilmiy yondashish.

Klaster tashkil etilgandan keyin ikkinchi bosqichda, bevosita klasterning o‘ziga 50 gektar yer maydoni olinadi va yetishtirilgan hosilni 100 foiz qayta ishlash tashkil etiladi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!