FAning hududiy bo'linmalari hamkorlikka tayyor


2023 yilning 31 mart kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida Fanlar akademiyasi vitse prezidenti Sirojiddin Mirzayev Fanlar akademiyasining barcha hududiy bo’limlari Qoraqalpoq bo’limi, Navoiy bo’limi va Ma’mun akademiyasi rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida hududiy bo’limlarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar ko’rib chiqildi.

Shuningdek, “Yangi Konstitutsiya olimlar nigohida” nomli yig’ilish bo’lib o’tdi. Tadbirdagi maʻruzalarda Bosh qomusimizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bildirilayotgan muhim takliflar haqida toʻxtalib oʻtildi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan ushbu konstitutsiyaviy islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad xalq xohish - irodasidan kelib chiqqan holda benuqson konstitutsiyani yaratishdek oliy maqsadga qaratilgani haqida teran fikrlar bildirildi.

Bundan tashqari, Navoiy bo’limi raisi Abdurazak Mirzayev va Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayevlar Fanlar akademiyasining ushbu hududiy bo'linmalar o’rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar. Ushbu Memorandumning bandlari Tomonlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va O‘zbekiston Respublikasida innovtasion ishlanmalarni tijoratlashtirish va targ‘ib qilish hamda Navoiy bo‘limi va Ma’mun akademiyasida mavjud bo’lgan yo’nalishlarda ilmiy-tadqiqotlar olib borish maqsadida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun aytib o’tish lozimki, 18-19 may kunlari Xorazm Ma’mun akademiyasida seminar hamda ilmiy ishlanmalar ko’rgazmasini o’tkazish rejalashtirilgan.

FA Navoiy bo’limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!