2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Navoiy shahridagi “Kimyogar” sport majmuasida tog‘-kon metallurgiyasi, elektrotexnika, elektr energetikasi, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi tadbirini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, tovarlar yetkazib berish va xarid qilish borasida yangi aloqalarni o‘rnatish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, shu bilan birga Navoiy viloyatining sanoat salohiyatini, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni hamda sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning amaliy natijalarini keng ommaga targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, unda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘lim ham o‘z ishlanmalari bilan faol ishtirok etdi.
Jumladan, yarmarka ishtirokchilarini Bo‘limning bazal't va tarkibi sir bo‘lgan qo‘shimchalardan tashkil topgan o‘ta yengil materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlari qiziqtirdi. Birinchisini armatura yasash, ikkinchisini esa sementga qo‘shish mumkin. Yengil konstruksiyani shaxtalarda qulashlarni oldini olish maqsadida tepa qismlarni yopish uchun juda foydali bo‘ladi. Bundan tashqari, bazal't yonmaydi va namlikka chidamli, ya'ni bu korroziyaga moyil bo‘lgan metall armaturalarga nisbatan yana bir afzallikdir. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bosh direktori Quvondiq Sanaqulov mazkur ishlanmani real sharoitda shaxtalarda sinovdan o‘tkazish kerakdigini ta'kidladi.
Ishtirokchilarning qiziqishini uyg‘otgan yana bir ishlanma – elektromobillar uchun reformatorli yonilg‘i elementlari. Oddiy tuzilma energiyani o‘zgartirish tizimining yuqori samaradorligiga erishishga qaratilgan. Elektr energiyasi yonilg‘i elementlari tizimi yordamida metanolni vodorodga aylantirish orqali olinadi. Tizim qazilma yoqilg‘i o‘rniga muqobil bo‘lib, yonilg‘i sarfi va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga imkon beradi. Shu bilan birga, uzoq muddatli foydalanishni, tezkor yoqilg‘i quyishni va ishlab chiqarilgan energiyaning past tannarxini ta'minlaydi. Bu tizim ekologik xavfsiz bo‘lib, karbonat angidridni utilizasiya qilish tizimi bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida “Navoiyazot” AJda qo‘shimcha mahsulot sifatida ishlab chiqariladigan metanol ishlatilishi mumkin.
Shuningdek, Bo‘lim Vaush konidan olingan bentonit va magneztdan, Tebinbuloq koni vermikulitidan tayyorlangan turli mahsulotlarni namoyish etdi.
Tadbir yakunida yarmarka tashkilotchilari tomonidan Navoiy bo‘limi faol ishtiroki uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.