2022 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti Dilshod Oljayev 02.00.13 – «Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi» ixtisosligi bo‘yicha «Past navli fosforitlarni nordon tuzlar bilan mexanik faollashtirish usulida kompleks o‘g‘itlar olish texnologiyasi» mavzusida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini muvoffaqiyatli himoya qildi. Dissertasiya himoyasi Urganch davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashning majlisida yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
D.Oljayev tomonidan ilmiy-tadqiqot ishi davomida nordon fosfat va sul'fat tuzlari bilan fosfat xom ashyolarini mexanik va mexanokimyoviy faollashtirishda birlamchi va ikkilamchi fosfatlarda sodir bo‘ladigan jarayonlar aniqlandi. P2O5 ning limon kislotasida eriydigan shaklining fosforitni nordon tuzlar bilan mexanokimyoviy faollashtirish ko‘rsatkichlariga kinetik bog‘liqligining kattaliklari aniqlanib, nordon tuzlar bilan Markaziy Qizilqumning past navli fosforitlarini mexanik va mexanokimyoviy faollashtirishda sodir bo‘ladigan jarayonlarning mexanizmi ishlab chiqildi.
Ilk bor past navli fosforitlarni mexanokimyoviy faollashtirishdagi nordon fosfat va sul'fat tuzlarining faollashish qatori tuzildi. Past navli fosforitlarni mexanik va mexanokimyoviy faollashtirish orqali NPK kompleks o‘g‘itlar olish jarayonining optimal sharoitlari aniqlandi. Fosforitlarini nordon fosfat, sul'fat tuzlari bilan mexanokimyoviy faollashtirish orqali kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqarishning optimal sharoitlari topildi va prinsipial texnologik sxemasi ishlab chiqildi.
Ilmiy kengashning barcha a'zolari Dilshod Oljayevga texnika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bir ovozdan ma'qulladilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.