O‘zbekiston Respublikasida ilm-fan rivojlanishiga va bunga ko‘proq yoshlarni jalb qilishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Turli xil davlat va halqaro dasturlari bo‘yicha yosh olimlar chet elda stajirovka qilib kelmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tayanch doktoranti Abdumalik Toshnazarov ham shular qatorida.
A.Toshnazarov Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e'lon qilingan yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida joylashgan “MISiS” Milliy tadqiqot texnologik universitetida stajirovka o‘tib keldi.
Stajirovka dasturiga binoan yosh olim “Micromine” dasturi yordamida murakkab konlarni o‘zlashtirish uchun ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish tog‘-kon sanoati korxonalari samaradorligini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha 288 soatlik kursni tugatib keldi. Stajirovka davomida olingan ilmiy-tadqiqot natijalarini Abdumalik o‘zining “Tebinbulok koni titanamagnitet rudasidan vanadiyni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi dissertasiya ishida foydalanishni maqsad qilgan.
Ushbu ilmiy stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.