Iqtidorli va zukko avlod – Yangi O‘zbekiston poydevori!

              O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligiga qarashli Xatirchi tuman ixtisoslashtirilgan maktabining aniq fanlar, biologiya va kimyo yo‘nalishidagi 10, 11-sinf o‘quvchilari maktab maslahatchisi Xurshid Jo‘raboyev hamda Matematka fani o‘qituvchisi Mirtemir To‘ychiyev bilan birga tashrif buyurdilar.

          Tashrifdan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni yanada chuqurlashtirishdir va shu asosida Bo‘lim tomonidan yaratilgan ishlanmalar bilan yaqindan tanishish, olimlar bilan suhbatlashishdan iborat.
             Bo‘lim raisining o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev so‘zga chiqib, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etish uchun tegishli ravishda hududdagi yirik sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligining texnik, texnologik va ekologik muammolarini hal etish uchun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, 2018 yilda Bo‘limda doktorantura ochilgan bo‘lib, doktorlik dissertasiyalar ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining muammoli masalalarini yechishga qaratilgan. Bugungi kunda 3ta bosqichda 30 nafardan ortiq tayanch doktorantlar ta'lim olishmoqda va dissertasiyalarini o‘z vaqtida muvaffaqiyatli himoya qilib borayotganliklarini hamda 2020 yildan boshlab Bo‘limda Stajyor-tadqiqotchilar instituti faoliyat ko‘rsatayotganini ta'kidladi.


              X.Jo‘raboyev ularning maktabi aniq fanlar, biologiya va kimyo fanlarini o‘qitishga yo‘naltirilganligi hamda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta'minlashga qaratilganligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari robototexnika sohasida ilg‘or ekanliklarini, ular tomonidan bir nechta innovasion ishlanmalar prototiplari yaratilganligini alohida ta'kidladi.


               So‘ngra o‘quvchilar bevosita joylarda, ya'ni laboratoriyalarda Bo‘lim ishlanmalari bilan tanishdilar. Xususan, ular Toshqazgan konidagi grafit rudasini flotasion boyitish jarayonini ko‘rib, ishlab chiqarish uchun bironta daraxt nobut bo‘lmagan tosh qog‘ozning afzalliklarini baholadilar. Maktab o‘quvchilarida issiqxonalarda ekin ekish uchun vermikulit idishchalari, yengil pavlovniya taxtalari namunalari qiziqish o‘yg‘otdi.
               O‘quvchilarining aytishicha, ular ekskursiyadan mamnun bo‘lishdi. O‘quvchilarga Bo‘limda faoliyat yuritayotgan Ixtirochilar va rasionalizatorlar klubi faoliyatida faol ishtirok etishni taklif qilindi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.