Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Michigan davlat universiteti Yer va atrof-muhit fanlari departamenti Seysmotektonika laboratoriyasi ilmiy xodimlari - katta tadqiqotchi muhandis Deniel Burk va dotsent Kevin Dj. Makkilar tashrif buyurishdi.
AQShlik mehmonlar O‘zMU professorlari Dilshod Atabayev va Abdullo Kushakovlar bilan muzokaralar olib borishdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida uchrashuvga Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev ham taklif etildi.
Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, onlayn ma'ruzalarni tashkil etish masalasini muhokama qilgach, uchrashuv ishtirokchilari Milliy universitet doktorantlari va yosh tadqiqotchilari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan O‘zMUning “Oqsoq-ota” o‘quv dala poligoniga yo‘l oldilar. Bu yerda ular quyosh batareyalarida avtonom ishlaydigan Amerikada ishlab chiqarilgan seysmometrni o‘rnatdilar, u ma'lumotlarni real vaqtda bazaga uzatadi.
Tomonlar Qizilqum hududida ham shunga o‘xshash seysmologik uskunalarni o‘rnatish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.