Navoiy viloyati muqaddas qadamjolarni o‘rganish va asrashning samarali yo‘llarini topish maqsadida joriy yilning 27 may kuni Karmana tumanidagi Orif Deggaroniy majmuasida “Mavlono Orif Deggaroniy - ulug‘ ma'rifatchilarning yirik namoyondasi” mavzusida ilmiy–amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi - tadbirning tashabbuschisi va tashkilotchilarning biri bo‘lib ishtirok etdi.
Deggaroniy masjidi imom xatibi S.Bobonazarov majmuadagi Mavlono Orif Deggaroniy qabri, chillaxonasi, muqaddas quduq, tarixiy muzey va qadimiy masjid to‘g‘risida qiziqarli ma'lumotlarni bildirdi va Qur'on tilovat qilindi. Navoiy davlat pedagogika instituti professori N.Safarovaning fikriga qaraganda qadimdan bu maskan ziyoratgoh sifatida xalqimiz e'tiborida bo‘lib, 2500 yillik tarixga ega ekani, masjid asosan 9 gumbazdan iborat bo‘lganligi, gumbazni esa 4 ta ustun tutib turganligini so‘zlab berdi. Yillar o‘tishi bilan masjid bir necha marta yog‘och, g‘isht devorlar bilan o‘ralganligini, ayniqsa, 1910 yili Buxoro xoni Abdulahadxon davrida ta'mirlanganligini aytib o‘tdi.
FA Navoiy bo‘limi katta ilmiy xodimi M.Yuldoshevaning “Deggaroniy majmuasi - naqshbandiya tariqatining muqaddas qadamjosi” mavzusidagi ma'ruzasi tinglandi va yig‘ilganlarda nafaqat vohamizda yashab o‘tgan avliyo va shayxlar to‘g‘risidagi qiziqarli ma'lumotlari, shuningdek Navoiy viloyatidagi muqaddas qadamjolarni o‘rganish, saqlash, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish yo‘llari haqidagi fikr mulohazalari katta qiziqish uyg‘otdi.
Bo‘limning yosh olimasi L.Saidova o‘quvchilar bilan Xazora qishlog‘ida joylashgan Deggaroniy majmuasiga qilingan sayohatlarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi afzalliklari haqida to‘xtaldi.
Seminardan hamkorlikda ishlash tizimini yaratish lozimligi haqida ilmiy–amaliy xulosa chiqarildi va tadbir ishtirokchilari Mavlono Orif Deggaroniy qabrini ziyorat qildilar.
Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.