2023 yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi binosida “Konstitutsiyada inson qadri va yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi mas'uliyat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, yurt, jamiyat ravnaqi, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlashdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Unda FA Navoiy bo‘limi olimlari, doktorant va stajyor-tadiqotchilari qatnashdilar.
Tadbirda senator, Navoiy shahar “Mehribonlik uyi” direktori Dilbar Orziyeva, FA Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov va mazkur institutning bo‘lim boshlig‘i Mirodil Baratov va bosh ilmiy xodimi Nig’monjon Azizov hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsul'ti Rustam Atovullayevlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan fikrlar bildirdirib, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar, yangi modda va normalar haqida gapirib o‘tdilar. Shuningdek, mehmonlar tomonidan “Konstitutsiyada inson qadri va yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi mas'uliyat”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” mavzusidagi ma'ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi hamda referendum bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida FA Navoiy bo‘limi rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev barchani 30 aprel kuni o‘tkaziladigan Umumxalq referendumida faol qatnashishlarini so‘rab qoldi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.