O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy daraja olish uchun tayyorlangan dissertatsiya yuzasidan yetakchi tashkilot etib tayinlandi. Uning Ilmiy kengashi yig‘ilishida birinchi dissertatsiya muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Geologiya fanlari universiteti tasarrufidagi “H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” davlat muassasasi tayanch doktoranti Oybek Baxtiyorovning “Turbay maydoni magmatik, metasomatik hosilalari va ularning ma’dandorligi (Sharqiy Bukantov)” mavzusidagi 04.00.03 – “Geotektonika va geodinamika. Petrologiya va litologiya” ixtisosligi bo‘yicha geologiya-minerologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyasi ko‘rib chiqildi.
Ilmiy ishning maqsadi Turbay maydonidagi granitoid intruzivi va u bilan bog‘liq metasomatitlar hamda ma’danlashuvning moddiy tarkibini aniqlashdan iborat. Tadqiqot davomida ushbu maydondagi magmatik va metasomatik hosilalarning petrografik turlari va moddiy tarkiblari bo‘yicha yangi ma’lumotlar olindi, kon ma’danlari tarkibida bir qator yangi minerallar aniqlandi va ularning tarkibiy xususiyatlari ochib berildi. Shuningdek, magmatik va metasomatik hosilalarning asl va nodir metall elementlariga mineralogik va geokimyoviy ixtisoslashuvi aniqlandi.
Yig‘ilish yakunida Ilmiy kengash a’zolari nomzodga o‘z tavsiyalarini berib o‘tdilar va dissertatsiya himoyasida muvaffaqiyat tiladilar.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati