Hurmat-ehtirom bilan munosib nafaqaga kuzatildilar

O‘zbekiston Respublikasi Navoiy bo‘limida Mashinasozlik, asbobsozlik va avtomatlashtirish bo‘limi mudiri Shaxzod Umarov hamda bog‘bon Bahtiyor Sattorovlarni munosib nafaqaga kuzatish marosimi iliq va do‘stona muhitda o‘tkazildi. Bu daqiqalar ularning mehnati, donoligi va sadoqati uchun chuqur minnatdorlik bilan to‘ldirildi.

         B.Sattorov Navoiy bo‘limidagi faoliyatini 2022 yilda boshlagan bo‘lib, u ekolog mutaxassis sifatida boy tajribaga ega edi. U oldin ko‘p yillar davomida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida viloyat boshqarmasi tizimida mehnat qilgan. U o‘simliklarning foydasi, ularni parvarish qilish, resurslarni tejash va tuproqni mikroelementlar bilan boyitish yo‘nalishlarida amaliy tajribaga ega. Navoiy bo‘limidagi ish faoliyati davomida u Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi hamda «Olimlar uyi»ning hududlarini ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirdi.

            Sh.Umarov esa 2022 yildan boshlab taklif qilingan mutaxassis sifatida tarkibiy bo‘limni boshqardi. U bugungacha ko‘p yillar davomida turli ilmiy-tadqiqot institutlarida, jumladan, Fanlar akademiyasi tizimida, ya'ni Geologiya va geofizika instituti hamda Neft' va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi institutida ishlagan. Navoiy bo‘limidagi faoliyati davomida u turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassislari bilan hamkorlikda elektron geoaxborot fondini (kutubxonasini) yaratish va ilmiy-geologik hisobotlarni avtomatlashtirish hamda raqamlashtirish ishlarini amalga oshirdi. Uning hammualliflikda mamlakatimizda va xorijda o‘nlab ilmiy maqolalari va tezislari chop etildi. Shuningdek, «Aral-Ustyurt mintaqasidagi J va Pz qatlamlarida uglevodorod konlarini qidirishning yangi usuli va geologik-geodinamik modeli» hamda «Aral-Ustyurt mintaqasida uglevodorod xomashyosini lokalizasiya qilish tahlili asoslari» nomli monografiyalarini nashr qildi, shuningdek «Kern olish snaryadi» nomli foydali modeliga patent oldi.
              Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev marosimda hamkasblarining mehnatini e'tirof etib, ularni Bo‘lim tarixi bir qismi sifatida abadiy qolishlarini ta'kidladi. Shuningdek, kelgusida ham hamkorlik davom ettirilishini bildirdi. Qadimiy an'anaga ko‘ra, hurmatli oqsoqollar har biriga ehtirom, hurmat va minnatdorlik ramzi sifatida tantanali ravishda chopon kiygizildi.
FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.