Bolgariyaga stajirovkaga

Avval xabar qilinganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu daraxtlarni yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida 2023 yilning 6 aprelida 10 nafar yosh mutaxassis Bolgariyaga yuborildi.

Viza olish, transport, turar joy va yashash xarajatlari, shuningdek, tibbiy sug‘urta Bolgariya, ya'ni Navoiy bo‘limi bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan “Paulownia BG” MChJ tomonidan qoplanilmoqda. Bo‘lim rahbariyati ham o‘z navbatida 20ga yaqin nomzod bilan suhbat o‘tkazib, 10 nafarini tanladi va zarur ko‘rsatmalarni berdi.

Bo‘lajak mutaxassislar yarim yil davomida pavlovniya plantasiyalarida ishlash va bilim olish uchun ketishdi. Ishga yuborilganlar o‘z ishi uchun munosib maosh oladilar va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalariga yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eng muhimi, ular zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, O‘zbekistondaga pavlovniya plantasiyalarida mutaxassis sifatida ishlashni davom etadilar.

Ta'kidlash joizki, 2022 yilda 7 nafar yosh Bolgariyada amaliyot o‘taganlar. Shu bilan birga, joriy yili yana 4 kishini xuddi shunday shartlar bilan Pol'sha Respublikasining «FARMA TLENU» MChJning pavlovniya plantasiyasiga amaliyot o‘tash uchun yuborish rejalashtirilgan.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.