Zavodga toza kvars qumi kerak

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limiga qurilish, mehmonxona va restoran biznesi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda mintaqadagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan "Zarafshon Golden Group" MChJning mutaxassislari hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun tashrif buyurishdi. Ta'kidlash joizki, Bo‘lim va Jamiyat o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum 2019 yilda imzolangan.

Mehmonlar - temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi direktori Zayniddin Razzoqov, marketolog Aziz Abdullayev va laboratoriya muhandisi Erkin Bobomurodovlarning m'lumotiga ko‘ra, "Zarafshon Golden Group" MChJ tomonidan yaqinda yiliga 180 ming kub metr tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega avtoklav gazobeton zavodi ishga tushirildi. Gazobeton uyali betonning bir turi hisoblanadi. Bu yengil, lekin bir vaqtning o‘zida mustahkam, past issiqlik o‘tkazuvchanligi bilan ajralib turadigan qurilish materialidir.

Gazbeton ishlab chiqarishda asosiy komponentlardan biri - toza kvars qumidir. Biroq, O‘zbekistonda kvars qumi konlarida qumning loyqalanish darajasi 14 foizdan yuqori ekanligi qayd qilingan. Shunga ko‘ra, ularni ishlab chiqarishda foydalanishdan oldin boyitish zarur.

Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va muhandis-texnologi Sergey Pochtoviylar mutaxassislarni tinglagach, Bo‘lim olmilarining ilmiy ishlanmalari ichida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammoning yechimi borligini ta'kidladilar. Ular Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion pulsasion kolonna yordamida kvars qumlarini boyitish texnologik sxemasini taqdim etdilar. Uning konstruksiyasi qum kristallari yuzasidan loy qoplamalari va temir oksidlarini yuqori sifatli tozalash imkonini beradi.

"Zarafshon Golden Group" MChJ vakillari Bo‘lim takliflarini ko‘rib chiqib, tafsilotlarni yanada muhokama qilishga tayyor ekanligini ta'kaidladilar.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.