Taʼlim va tarbiya – bosh mezon

Navoiy viloyati hokimligining katta majlislar zalida “Buyuk ajdodlarga munosib voris boʼlaylik” shiori ostida yoshlar festivali doirasida viloyat hokimi Q. Tursunov bilan hududdagi iqtidorli yoshlar hamda yosh oʼqituvchilar ishtirokida fan va taʼlim yoʼnalishida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Ushbu tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiNavoiy boʼlimining yosh olimlari va doktorantlari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yilning 23 avgust kuni boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishida xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalari haqida soʼzlagan nutqiga bagʼishlandi. Tadbir ishtirokchilari Davlatimiz rahbarining maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish yoʼllarini muhokama qilishdi.
Jumladan, uchrashuvda ishtirok etayotgan oʼqituvchilar bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritib, Prezidentimizning maktab taʼlimi tizimini isloh qilish boʼyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarbdan ruhlanganini aytib oʼtishdi. Chunki, davlat rahbarimiz, taʼkidlaganidek, jamiyat hayotini oʼzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʼcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanadi, chunki maktabni oʼzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʼzgartirib boʼlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori esa bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa oʼqituvchilardir.
Shu sababli, murabbiylar tinimsiz oʼz ustida ishlashlari va oʼquv mashgʼulotlariga ijodiy yondoshishlari lozim. Bu sohada keyingi yillarda koʼplab ishlar amalga oshirildi. Oʼqituvchilar qishloq-xoʼjalik ishlaridan ozod etildi, sohada qogʼozbozlik kamaytirildi va shu asnoda ularning boʼsh vaqtlari koʼpaydi, qaysiki, oʼzlarining toʼgʼridan –toʼgʼri vazifalari boʼlmish yoshlar tarbiyasiga koʼproq vaqt ajratish imkoniyati tugʼildi. 
Yigʼilishda yana pedagog xodimlar mehnatini ragʼbatlantirish boʼyicha katta ishlar qilinayotganligi alohida taʼkidlandi. Oxirgi 3 yilda oʼqituvchilarning ish haqi oʼrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini ragʼbatlantirish boʼyicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qoʼshimcha oylik ustamalar toʼlanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod oʼqituvchini jalb etish imkonini berdi. Nafaqa yoshida faoliyatini davom ettirayotgan oʼqituvchilarga pensiyasi toʼliq miqdorda berilmoqda. Аlbatta, bu qilingan ishlar oʼqituvchilik kasbini sharaflaydi.
Maʼlumki, yoshlarni komil farzandlar qilib tarbiyalashda taʼlim-tarbiya muhiti bilan bir qatorda va ularni ragʼbatlantirish masalalariga eʼtibor qaratish katta ahamiyatga egadir. Shu asnoda, viloyat hokimiyati tomonidan yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash maqsadida 25 milliard soʼmga yaqin mablagʼ ajratildi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan “Yoshlar xiyoboni” xuddi shu kuni ochilgani ham ushbu islohotlar davomidir.
Taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan tajribali va fidoyi muallimlar davlat rahbarimizning “Moddiy va maʼnaviy hayotni uygʼun rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy boʼgʼin boʼlishi lozim. Maktab taʼlimini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”, degan fikrlari toʼlqinlantirganini bildirdilar.
Shuningdek, yigʼilishda informatsion xurujdan yoshlarimizni asrash uchun milliy gʼoya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy gʼurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekanligi va ularni kitobga oshno qilish, ulugʼ allomalarimiz qoldirib ketgan bebaho maʼnaviy merosimizni chuqur oʼrganish lozimligi taʼkidlandi.
Yoshlar uchrashuvda fikr-mulohazalarini bildirish bilan birga viloyat rahbariga oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Bir guruh pedagoglar va yoshlar Viloyat hokimiyatining tashakkurnomasi bilan hudud ijtimoiy hayotida faolligi uchun taqdirlandilar.
Fevzi ISTАBLАEV,
FА Navoiy boʼlimi matbuot kotibi.