Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi ishlanmalar muhokama qilindi

Yaqinda «O'zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Atayev va Navoiy viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Barakayevlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga tashrif buyurdilar. Ular Bo‘lim olimlarining qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi innovatsion ishlanmlari bilan tanishdilar.

Jumladan Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va muhandis-texnologi Sergey Pochtoviylar ularga bir qator ishlanmalarni taqdim etdilar.

Bular Bo‘lim olimlarining "Toshqazgan koni ma'danidan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit boyitmasini olish" hamda “Vaush koni dolomitini kompleks qayta ishlash yo‘li bilan magniy oksidi (magnezit) olish” nomli tijoratlashtirishga istiqbolli ilmiy ishlanmalar sifatida 2020 yil 12 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga kiritilgan ilmiy ishlanmalaridir. Ushbu ishlanmalar bo‘yicha tasdiqlangan Manzilli jadvallar asosida tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Toshqozg‘on koni grafitlarida tabbiy holda sof uglerodning miqdori 30-34% bo‘lib, uni boyitmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanoatda qo‘llash imkoniyati yo‘qligini inobatga olib, bugungi kunda Bo‘lim olimlari Umumiy va noorganika insituti hamkasblari bilan hamkorlikda mahalliy xomashyolardan tayyorlangan unversal ko‘pirtiruvchi reagent yordamida ushbu grafit rudasidagi sof uglerodning miqdorini 90-94% boyitishga erishildi. Ushbu reagentdan foydalanib, grafitni 4ta bosqichda loyiha ishtirokchilari tomonidan boyitganda, olimlarning teoretik hisobiga ko‘ra 99% tozalikga erishilganligi bashorat qilinmoqda. Ushbu olingan natijalar laboratoriya analizlari bilan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Bo‘lim olimlari tomnidan Vaush koni dolomitini kompleks qayta ishlash yo‘li bilan magniy oksidi (magnezit) olish texnologiyasi yaratilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu konddagi mavjud noma'dan foydali qazilmalarni, ya'ni bentonit, kvars qumi va dolomitni kompleks o‘rganish borasida geologiya qidiruv ishlarini olib borish maqsadida litsenziya olish arafasida.

Bugungi kunda Navoiy bo‘limi olimlari Latviyaning "VAO" kompaniyasi tomonidan qazib olish ishlari olib borilayotgan Navoiy viloyati Konimex tumani xududida joylashgan Aznek fosforit konida "VAO" va Navoiy bo‘limi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi asosida fosforit rudasini boyitishning innovatsion texnologiyalarini yaratish ustida ilmiy-tadqiqotlar olib borishmoqda.

Bo‘limining patentlari mavjud bo‘lgan kvars qumlarini pulsatsion kolonnalar yordamida boyitish hamda vakuum sharoitida fosfogips qurilish materiallarini ishlab chiqarish mavzularida innovatsion ishlanmalariga mehmonlar katta qiziqish bildirdi. Pulsatsion kolonna xozir foydalanayotgan flotasion mashinadan ko‘ra afzalroqdir.

Uchrashuv yakunida M.Atayev Bo‘limning yuqoridagi loyihalarini amalga oshirish uchun investorlarni topishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.

FA Navoiy bo‘limi matubot xizmati.