Rosgeologiya bilan hamkorlikning istiqbollari

Bugungi kunda, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida COVID-2019 koronovirusi tufayli karantin e'lon qilingan. Biroq, bu holat qancha og‘ir bo‘lmasin, har bir fuqaro Muhtaram Prezidentimizning odilona tanlab ko‘rsatgan yo‘lidan borib, aql bilan, ilmga tayanib o‘z sohasida imkon izlasa, yurt kelajagi, Vatan ravnaqi yo‘lida fidoiylarcha mehnat qilsa, nafaqat O‘zbekiston ichida bo‘lgan, balki uzoq chet el investorlari bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli hamkorlik rejalarini ham amalga oshirishga to‘sqinlik qila olmas. Agarda, hozirgi zamonaviy raqamli innovasion texnologiyalardan unumli foydalanilsa, maqsadga intilib, qat'iyat bilan harakat qilinsa, rejani uydan chiqmasdan ham bajarishga va oldinga siljishga imkon topiladi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy Bo‘limidagi ishlar tahlili bunga isbot desak bo‘ladi.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili Bo‘lim xodimlari tomonidan O‘zbekistonda geologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar tayyorlandi. Ta'kidlash joizki, bu amalga oshirilishi rejalashtirilgan va hayotga tadbiq etilayotgan barcha ishlar davlatimiz rahbarining joriy yil 24 yanvarida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qo‘ygan vazifalariga va hozirgi qiyin pandemiya davrida iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo‘lidagi chora-tadbirlari, ko‘rsatmalari ijrosini ta'minlashga qaratilgan harakatlarga mos keladi.

Jumladan, Yurtboshimizning geologiya sohasini rivojlantirish, sohaga investorlarni jalb etish borasidagi ko‘rsatmalaridan so‘ng Bo‘lim tomonidan berilgan takliflardan biri bu, Fanlar akademiyasining Navoiy Bo‘limi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida ko‘chma tezkor geologiya qidiruv bo‘linmasi (mobil geologorazvedka otryadi)ni tashkil etishdir. Shuningdek, tog‘ jinslaridan tezkor laboratoriya tadqiqotlari uchun turli xil usullarda ya'ni, burg‘ilash quduqlari va tog‘ lahmlaridan olgan namunalarini, tog‘ jinslarining kimyoviy va mineralogik tarkibini, texnologik xususiyatlarini tezkor tahlil qilish uchun analitik laboratoriya va tezkor analitik stansiya ham tashkil etish lozim bo‘ladi. Bu ma'dan va noma'dan konlarni, birinchi navbatda Qizilqum va Nurota ruda konlarini hamda texnogen chiqindi konlarining foydali tarkibiy qismlarini har tomonlama o‘rganishga yo‘naltirilgan geologik izlanishlarni tez va ishonchli amalga oshirishga imkon beradi.

Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi geologik tadqiqotlarni o‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar va yuqori malakali mutaxassislarga ega. Ammo, bu Qo‘mita asosan davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan geologik qidiruv ishlarini olib boradi. Potensial investor, shu qatorda chet ellik investorlar ham, o‘zini qiziqtirayotgan har qanday ob'ektda tez va samarali geologik qidiruv ishlarini olib boradigan muqobil tashkilotlarni qidiradi. Ammo yechimini topolmagach, O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan loyihalarga sarmoya kiritishni rad etadi. Taklif qilinayotgan mobil guruhi esa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shunday muammolar yechimidagi vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.

Bunday holda, innavasion yondashuv sifatida vaqtincha ijodiy guruhlarni tashkil etish mumkin. Bu ijodiy guruh tarkibiga bugungi kunda nafaqada bo‘lgan obro‘ga ega mintaqaning yetakchi geologlari, shuningdek, sarmoyadorlarni qiziqtirgan ob'ektlarda dastlabki geologik qidiruv ishlarida qatnashgan olim va mutaxassislar kiradi. Tashkil etiladigan otryad va ijodiy guruhlarning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tassarufidagi Ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriya bazasidan va ilmiy salohiyatidan ham samarali foydalanish imkoniyatlari bo‘ladi.

Hamkorlik va iqtisodiyotimiz rivojida investorlarni jalb qilish borasida yuqorida aytgan fikrlarimiz yuzasidan yana bir ma'lumot. Mobil geologiya qidiruv otryadi xorijiy sheriklar bilan birgalikda tuzilishi ham mumkin. Ushbu fikrni Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev joriy yilning boshida, Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Rosgeologiya” AJ vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularga bildirgan. Bu borada, horijlik hamkorlari bilan yuzma-yuz bo‘lgan suhbatlari chog‘ida batafsil ma'lumotlar almashilgan, ma'lum kelishuvlarga erishilgan.

Yaqinda esa, A.Mirzayevning “Rosgeologiya” AJ tijorat shartnomalari direktori D.Yurmazov va ushbu tashkilotning xalqaro hamkorlik Departamenti boshlig‘i A.Kravsova bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichi on-layn tarzda bo‘lib o‘tdi.

Lirik chekinish doirasida ta'kidlash joizki, mobil geologiya qidiruv otryadini tuzish bo‘yicha takliflar 2020 yil boshida tegishli xitoy va turk kompaniyalari vakillariga ham berilgan. Ammo, yuqorida qayd etilgan muzokaralar chog‘ida rossiyalik hamkasblar bilan azal-o‘tmishdan kelib chiqqan holda, eng keng tarqalgan aloqa nuqtalari mavjudligi, ularning O‘zbekistonga ishonch va hurmat bilan qarashlari, ikki davlatlar orasidagi, muzokara olib borilayotgan yo‘nalishda, ilmiy-amaliy hamda juda ko‘p boshqa sohalardagi mushtarakliklar bir-biriga to‘g‘ri kelishligi yuzasidan fikrlar almashildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, “Rosgeologiya” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududlarining iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishda mineral xom ashyolardan samarali foydalanish uchun yer qa'ridan foydalanish sohasida hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi tayyorlandi. Loyiha, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ishtirokida “Rosgeologiya” AJ texnik ko‘magi ostida ma'dan va noma'dan foydali qazilma boyliklarini qidirish jarayoniga fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashning samarali mexanizmini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida texnogen hosilalarni, jarayonlarni o‘rganish bo‘yicha qidiruv partiyasini tashkil qilish to‘g‘risidagi bandlarni ham o‘z ichiga olgan. Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan bitim bo‘yicha Navoiy viloyatida geologiya-qidiruv ishlarini tezkor ravishda muvofiqlashtirish maqsadida, geologik namunalarni ekspress-tahlil qilish uchun mobil analitik stansiyani o‘z ichiga olgan analitik laboratoriyasini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Hozirda, “Yo‘l xaritasi” loyihasi ko‘rib chiqish uchun yuqori tashkilotlarga taqdim etildi.

Mamlakatimizda 70 dan ortiq foydali qazilmalarning 2000 dan ortiq konlari mavjudligini inobatga olgan holda, ushbu xalqaro hujjat bandlarining amalga oshirilishi O‘zbekistonda geologiyaning rivojlanishiga, O‘zbekiston-Rossiya ilmiy va amaliy hamkorligining yanada keng yo‘lga qo‘yilishiga va natijada bular iqtisodiy rivojlanishga yordam beradi. Bu esa, har ikki tomonlama manfaatli, foydali va samarali bo‘ladi.

Fevzi ISTABLAEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.