Xalq bilan ochiq muloqot

Ma'lumki, 2019-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ekologik partiyasi tomonidan Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzaev viloyat Kengashiga deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatildi va o‘z saylov okrugida ko‘p ovoz to‘plagach, ishonchli g‘alaba qozondi. Xalqning muammolarini tinglash, o‘zining takliflari bilan o‘rtoqlashish maqsadida A.Mirzaev Nurota tumanidagi bir nechta mahalla aholisi bilan uchrashdi.

 

 

Xususan, "Jarma", "Qadoq", "Yangi turmush" va "Cho‘ya" mahalla fuqarolar yig‘inlarida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Mahallalar aholisi asosan elektr ta'minoti, banklarda kredit berish, yoshlar va ayollar o‘rtasidagi ishsizlik, sug‘orish uchun suv va Internetning yo‘qligi, yo‘llar va uyali aloqaning sifati yomonligi, bolalar bog‘chalari va maktablarda sinflarning yetishmasligi, shu jumladan qo‘shimcha mashg‘ulotlar yuzasidan shikoyatlar bildirishdi. Shu bilan birga, "Qadoq" MFY sida tog‘ oldi hududlarining bir qismi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga ma'lum ekinlarni ekish uchun ajratilganligi, bu esa mahalliy aholining chorva mollarini o‘tlatish uchun noqulaylik tug‘dirishiga e'tibor qaratildi. "Yangi turmush" MFYda joylashgan kasb-hunar kollejini umumta'lim maktabiga aylantirilishi sababli maxsus fan o‘qituvchilarining bir qismi ishsiz qolganligi, qabristonlardan biri Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lib, mahalliy hokimiyat organlari va vakolatli muassasalar tomonidan obodonlashtirish ishlari uzoq vaqt davomida amalga oshirilmaganligi to‘g‘risida aytib o‘tishdi.

"Chuya" mahallasida "Obod qishloq" davlat dasturining amalga oshirilishi tufayli hudud keskin o‘zgargan va nisbatan kam muammolar mavjudligi ta'kidlandi. Mahalla aholisi suv tanqisligi muammosini hal qilish maqsadida o‘tgan asrning 90-yillarida loyiha tadqiqotlari olib borilgan tog‘lar orasidagi “Darasoy” darasida suv omborini qurish taklifi bilan chiqishdi, shuningdek u yerlarda ekoturizmni rivojlantirish mumkinligi, u yerlarning o‘ziga xos tabiiy go‘zalligi va toza havosi bilan kishini o‘ziga tortishi aytib o‘tildi.

 

 

A.Mirzaev mahalliy aholini diqqat bilan tinglab, har bir murojaatni ko‘rib chiqishi, tegishli idoralarga deputatlik so‘rovlarini yuborishi va vaziyatni o‘z nazoratiga olishini va'da qildi. Shu bilan birga, u so‘rovlarning aksariyati tuman va viloyat darajasida hal qilinishi mumkinligini, ammo ba'zilarini respublika darajasiga ko‘tarishni talab etishini tushuntirdi. Ushbu masalalarni tegishli davlat dasturlariga kiritish ham bir yechim bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, A.Mirzaev ishtirokchilarni hayot darajalarini o‘zlari ham yaxshilashlari uchun choralar ko‘rishga chaqirdi. Xususan, tomorqa yerlarining imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish maqsadida, dori vositalari ishlab chiqarishda talab yuqori bo‘lgan moychechak, tirnoqgul, amarant, na'matak kabi dorivor o‘simliklarni yetishtirishlarini taklif qildi. Ulardan dastlabki uchtasining urug‘lari va o‘simliklar to‘g‘risida ma'lumotlar berilgan bukletlar deputat tomonidan bepul tarqatildi hamda agrotexnik tadbirlar bo‘yicha maslahatlar bo‘lim ilmiy xodimlari tomonidan taqdim yetilishini, yetishtirilgan hosil esa to‘liq xarid qilinishini kafolatladi. Ushbu amallar band bo‘lmagan yoshlar va ishsiz ayollarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga jalb qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasiga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish tavsiya etildi va bunda fermerlar davlat subsidiyalariga tayanishi mumkinligini hamda ilmiy yondashuv qo‘llanilayotgan har qanday ish ijobiy natija berishi kafolatlanganligini ta'kidladi.

 

 

Har bir uchrashuv yakuniga yetgach, mahalla ahli muammolarni baham ko‘rish imkoniyati yaratilganligi uchun deputatga minnatdorchilik bildirib, bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazish haqida o‘z tilaklarini bildirishdi.

Fevzi ISTABLAEV,

Bo‘lim matbuot kotibi.