Fanlar Akademiyasi Prezidenti bilan ochiq muloqot

2021 yilning 26 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Prezidenti Bexzod Sodiqovich Yuldashev FA Navoiy bo‘limiga tashrif buyurib, Bo‘lim rahbariyati, ilmiy xodimlari, doktorantlari va stajyor-tadqiqotchilari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuvda B.S.Yuldashev so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan respublikada ilm-fan va ta'lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, olimlar va o‘qituvchilarga, hususan, ularni moddiy rag‘batlantirishga, samarali faoliyat olib borish uchun shart sharoitlarni yaxshilashga va jamoatchilik o‘rtasida nufuzini oshirishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, ilm-fanga o‘zini bag‘ishlashga qaror qilgan yoshlar oldida barcha eshiklar ochilganini, faqat mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirish zarurligini ta'kidladilar. Misol uchun, ularga maxsus tashkil etilgan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlarida stajirovkalar tashkil etilmoqda, doktorantlar va stajyor-tadqiqotchilarga esa munosib stipendiya berib borilmoqda.

Bexzod Sodiqovich to‘rt yildan kamroq vaqt ichida Bo‘limdagi bajarilgan ilmiy ishlarni ijobiy tomonlari bilan bir qatorda tanqidiy baholab, e'tibor berish kerak bo‘lgan bir qator masalalar borligini ta'kidladilar. Ular orasida O‘zbekistonning tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ularning laboratoriyalarida eksperimentlar o‘tkazish, olingan natijalarni Scopus va Web of Science bazalarida indeksasiya qilinadigan jurnallarda maqolalar nashr etish, ixtiro va foydali modellarga patent olish uchun talabnoma berish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, grant loyihalarini rasmiylashtirish aytib o‘tildi. Bundan tashqari, B.S.Yuldashev Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etish uchun tegishli ravishda hududdagi yirik sanoat korxonalarining, birinchi navbatda, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnik, texnologik va ekologik muammolarini hal etish uchun Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilganini alohida ta'kidlab, shu masalaga e'tiborni kuchaytirish kerakligini ta'kidladilar. Olimlar va doktorantlarni muammolar bilan tanishtirish uchun korxonaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etishni Bo‘lim rahbariyatiga tavsiya qildilar. Shuningdek, oliy o‘quv yurtlarining talabalari va magistrlari bilan ishlashni jadallashtirish kerakligini ta'kidlab o‘tdilar.

Shu bilan birga, B.S.Yuldashev tadbir ishtirokchilarning har biri bilan alohida suhbatlashdilar, ularning ilmiy ishlari haqidagi qisqacha hisobotini tingladilar, kelgusida ilmiy faoliyatni samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan qimmatli tavsiyalar berdilar. Misol uchun, Qoraqolpog‘iston Respublikasida Orolqumni ko‘kalamzorlashtirish loyihasini amalga oshirishga hissa qo‘shish maqsadida saksovul ekishda Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan usulni qo‘llash, ya'ni saksovul urug‘ini bentonit gillari kukuni bilan ekishdan oldin qobiqlashni va Navoiy bo‘limi tomonidan Nurota tumanida amalga oshirilayotgan “Innovatsion pedagogikadan moderatorlarni tayyorlash” loyihasini butun viloyat va respublikaga targ‘ib qilishni tavsiya qildilar. Bundan tashqari, ijtimoiy sohani e'tiborsiz qoldirmaslik, buning uchun ushbu yo‘nalishda fundamental loyihalarni tayyorlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar.

Doktorantlarga olib borayotgan tadqiqotlarini yanada jadallashtirish va dissertasiyalarini puxta va o‘z muddatida himoya qilishda omad tiladilar. Suhbat chog‘ida yosh olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlar mavzularining 50 foizdan ko‘prog‘i NKMKning ishlab chiqarish muammolarini hal qilish bilan bog‘liq ekanligi nomoyon bo‘ldi. Masalan, dissertasiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan Bo‘limning dastlabki ikki doktoranti Ilhom Egamberdiyev va Lola Saidova ushbu korxonada ishlab chiqarish jarayonlariga ularning tadqiqotlar natijalari joriy etilganligi to‘g‘risida dalolatnomalarga ega. Shuningdek, tayanch doktorant Akbar Jumayevning tasmali konveyer tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlari konstruksiyasini takomillashtirish va parametrlarini asoslashga bag‘ishlangan ilmiy ishi ham bunga misol bo‘la olishi mumkin. Bugungi kungacha olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmda dumalash podshipnigi o‘rniga sirpanuvchi tayanch vazifasini bajaruvchi detal qo‘llanilganda mexanizm mexanik shkastlanishi 5,6 foizgacha va tashqi ta'sir natijasida shkastlanish 4,99 foizgacha kamaydi. Tarkibli yo‘naltiruvchi rolikli mexanizmlarning aylanishiga qarshilik koeffisientini aniqlash bo‘yicha mavjud tavsiyalar bilan taqqoslash natijasida mexanizm aylanishiga qarshilikning hisoblangan kuchi ish haroratiga qarab 1,9 - 2,7 martaga kamayadi. Fanlar akademiyasi Prezidentida stajyor-tadqiqotchi Shaxnoza Kuylievaning Tasqazgan konining grafit rudalarini boyitishga qaratilgan ishi katta qiziqish uyg‘otib, Bexzod Sodiqovich ushbu boyitilgan grafitdan yozuv qalamining sterjinini tayyorlashni tavsiya qildilar.

Davra suhbati ishtirokchilari mazmunli va amaliy suhbatdan mamnun bo‘ldilar.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.