Bo‘lim o‘z ishlanmalarini Qarshidagi yarmarkada namoyish etdi

Qarshi shahrida Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Keng qamrovli tadbirda 150dan ziyod tadbirkorlik subyektlari, xorijiy kompaniyalar va mehmonlar, shuningdek, mamlakatimiz sanoatining yirik korxonalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi o‘z mahsulotlari ekspozisiyasi bilan ishtirok etdilar.

Jumladan, yarmarka ishtirokchilari Bo‘limning turli mahsulotlar namunalari bilan qiziqdilar. Bular “Vaush” konining boyitilgan kvars qumlari, dolomit va bentonitladir. Kvars qumlari qurilish va shisha sanoatida xom ashyo sifatida qo‘llaniladi. Dolomitdan olovbardosh materiallar ishlab chiqarishda keng qo‘llanadigan magnezit va undan sof magniy ajratib olinadi. Bentonit kukuni esa yog‘larni tozalash va oqartirishda keng foydalaniladi.

Shuni ta'kidlash joizki, bentonit namlikni shimib olib saqlaydigan sorbsion xususiyati borligi tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini, ayniqsa chigitni va bug‘doy donini bentonit kukuni bilan qobiqlab ekish texnologiyasini yaratishga asos bo‘ldi.

Ushbu kondan qazib olinadigan bentonit neft-gaz quduqlarini burg‘ulash uchun faol yuvuvchi suyuqliklar tayyorlashda ham foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, Bo‘lim olimlari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiya yordamida Toshqazgan koni ma'danidan olingan elektrotexnika, metallurgiya va kimyo sanoatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan grafit namunalari hamda tarkibida boyitilgan grafit mavjud boshqa mahsulotlar taqdim etildi. Bular payvandlash ishlari uchun elektrodlar va mashina detallari o‘rtasida ishqalanishni kamaytirish uchun ishlatiladigan grafitli surkamalardir.

Tadbir so‘ngida FA Navoiy bo‘limi Qashqadaryo viloyati xokimligi Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.