Texnogen chiqindilardan namunalar olindi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev huzurida 2020 yil 3 dekabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 95-sonli bayoni 16-bandiga muvofiq tegishli vazirlik va tashkilotlarga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining texnogen chiqindilar tarkibidan oltin, kumush, rangli va boshqa noyob metallarni ajratib olish texnologiyasini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish topshirig‘i berilgan.

Ta'kidlash joiz-ki, mazkur vazifani va boshqa topshiriqlarini bajarish muhokamasiga bag‘ishlangan videoyig‘ilish 2020 yilning 24 dekabr kuni Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Tadbir qatnashchilari muhokama davomida topshiriqni bajarish maqsadida Fanlar akademiyasining tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent davlat texnika universiteti hamda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilishi, ushbu ishchi guruh a'zolari birgalikda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKning ishlab chiqarish zavodlariga tashrif buyurib, sanoat chiqindilaridan namunalar olishlari va tahlil qilish uchun Fanlar akademiyasi va tegishli vazirliklarning ilmiy tashkilotlariga yuborishlari – maqsadga muvofiq, - degan taklifni maqulladilar.

Shundan so‘ng 22 kishidan tashkil topgan Ishchi guruh tarkibi shakllantirildi va FA Vitse-prezidenti S.Z.Mirzayev tomonidan tasdiqlandi hamda 2021 yilning 15-18 mart kunlari Ishchi guruh a'zolari tarkibidan har bir tashkilotdan bittadan vakil olinib, jami 9 kishi Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan kelishilgan holda va korxona mutaxasislari yordamida NKMKga qarashli 1-, 2-, 3-, 4-sonli Gidrometallurgiya zavodlari va Marjonbuloq oltin ajratib olish fabrikasidan sanoat chiqindilari namunalari olindi.

Ushbu namunalar Navro‘z bayramidan so‘ng FA tegishli ITMlari va OO‘Yulariga yuboriladi va ularning tarkibidagi laboratoriyalarida kerakli tahlillardan o‘tkaziladi.

Tahlillar natijalari navbatdagi ichki videoyig‘ilishda muhokama etiladi va tegishli xulosalar chiqariladi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!