Navoiyda lavanda plantasiyasini yaratishga yana bir qadam


Avval xabar qilinganimizdek, ikki xafta oldin, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga Latviya Respublikasi "BAO" AJ kengashi raisi Yanis Vilgerts hamkasblari va sheriklari bilan tashrif buyurgan edi. Ular o‘zlari bilan ikki xil navli lavanda urug‘ini olib kelishdi. Bo‘lim olimlari O‘zbekistonda lavanda yetishtirish bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligiga topshirish uchun loyiha tayyorlashga kirishdilar. “Sag agro” MChJning “in vitro” laboratoriyasi bilan birgalikda ular loyihani bajarish maqsadida yana bir sherik topdilar. Bu Farg‘ona viloyatida joylashgan “Mehrigiyo” xususiy korxonasidir.

Yaqinda Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev, rais o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev va bo‘linma mudiri O‘ktam Xakimovlar Farg‘ona vodiysiga borib, xususiy korxonaning rahbariyati va xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Natijada Bo‘lim va “Mehrigiyo” XK o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Xususiy korxona 1992 yilda tashkil topgan. Uni asosiy faoliyati dorivor o‘simliklardan shifobaxsh choylar ishlab chiqarishdir. Mahsulot ishlab chiqarishda o‘simliklar qalamchalari, poyalari, barglari, kurtaklari, gulqo‘rg‘onlari va urug‘laridan foydalanishadi. Yuqori sifat va mablag‘larning samaradorligiga erishish maqsadida kompaniya nafaqat yig‘im-terim va qadoqlashni, balki o‘simliklarni o‘z plantasiyalarida yetishtirishni ham o‘zlashtirdi. U yuzdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradi - bu shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lgan choylar, yog‘lar va siroplar, shuningdek, asal, kosmetik va antiseptik mahsulotlar va ziravorlardir. Bugungi kunda kompaniyaning mahsulotlari ichki va tashqi bozorda xaridorgirdir.

Yaqin va uzoq xorijdan sayyohlar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ta'tib ko‘rish uchun kompaniyaga keladilar. Kompaniya tomonidan yaratilgan manzarali bog‘ dam olish va davolanish, shuningdek ekologik toza hududdan zavqlanish imkonini beradi.

Lavanda maydonlari bir gektardan ortiq yerni egallaydi. Bu yerda Markaziy Osiyoda birinchi marta lavanda festivali 2021 yilning 6-16 iyun kunlari o‘tkazildi. Lavandadan olingan efir moyi kuchli antiseptik va antispazmodik ta'siriga ega, tanadagi yaralar va kuyishlar davolanishiga yordam beradi. Lavanda gullari va barglari migren, nevrasteniya, yurak urishi uchun choy shaklida, tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Xususiy korxonada quritilgan lavanda bilan to‘ldirilgan yostiqlar tayyorlanadi.

Navoiyda lavanda plantasiyasini yaratish hamkorlikning asosiy mavzusi bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Biroq muzokaralar davomida xamkorlik uchun yanada ko‘proq yo‘nalishlar borligi aniq bo‘ldi. “Mehrigiyo” XK xodimlari navoiylik olimlarga sut qushqo‘nmas va chufa – yer bodom nomli o‘simliklar urug‘laridan berdilar. Sut qushqo‘nmasdan tayyorlangan preparatlar safro shakllanishi va ajralishini yaxshilaydi va gepatoprotektiv ta'sirga ega bo‘lib, jigar (gepatit, siroz, toksik shikastlanishlar) va taloq kasalliklarini, o‘t toshlari, sariq kasali, surunkali yo‘tal va boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi. Chufa esa ham xom, ham qovurilgan holda yeyiladi. Maydalangan tugunaklari qandolat mahsulotlariga qo‘shiladi, ulardan holva ham tayyorlanadi. Chufa tugunchalaridan olingan yog‘ kimyoviy jihatdan zaytun moyiga yaqin. Shuningdek, u yuqori sifatli sovun ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Bundan tashqari, XKda nafaqat ekzotik dorivorlar, balki kivi, banan, goji, papayya, zaytun daraxti kabi va boshqa tropik va subtropik o‘simliklarni yetishtirishni ham o‘zlashtirganlar. “Mehrigiyo” XK vakillari kivi, goji va lavanda ko‘chatlari Navoiy viloyati sharoitida yetishtirishga va ko‘paytirishga oid tajribalar o‘tkazish uchun eksperimental maydonlarda ekishga zarur bo‘lgan miqdorda Navoiy bo‘limiga kuzda yetkazib berish imkoniyatiga ega ekanliklarini bildirdilar.

Navoiy bo‘limi olimlari zarur sharoitni tayyorlash maqsadida ushbu o‘simliklarni o‘stirish agrotexnologiyasini batafsil o‘rgana boshladilar.

Kelgusida Navoiy bo‘limi “Mehrigiyo” XK bilan quyidagi uch yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirmoqda. Birinchisi, bu Navoiy shahri chegarasida eko-bog‘ yaratish. Unda mehmonlar aromaterapiya olishlari, ya'ni maxsus o‘rnatilgan o‘rindiqlarda o‘tirib o‘simliklarning, birinchi navbatda lavandaning yoqimli hididan bahramand bo‘lib, ish kunlaridan keyin dam olishlari mumkin bo‘ladi. Yetishtirilgan o‘simliklarning foydali xususiyatlari haqida kitob va bukletlar mavjud bo‘lgan kutubxona tashkil etish ham rejalashtirilgan. Ta'kidlash joizki, Bo‘lim olimlari dorivor o‘simliklar, jumladan, kovul, kavrak, tirnoqgul, moychechak va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirishda o‘z ishlanmalariga ega.

Ikkinchi yo‘nalish – bu fitobarlar uchun xom ashyo yetkazib berish tarmog‘ini tashkil etish. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qo‘ra tibbiyot muassasalari, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq (ovul) vrachlik punktlarida hamda maktab va oliy ta'lim muassasalarida fitobarlar tashkil etilishi kerak. Ushbu masala bo‘yicha, o‘z mahsulotlarini sotish maqsadida XK uchun xona ajratish mumkin bo‘ladi.

Uchinchi va eng muhim yo‘nalish bu – qishloq aholisini o‘z tomorqalarida hamda lalmikor yerlarda dorivor o‘simliklarini yetishtirishga chorlash. 2020 yilda Navoiy bo‘limi Nurota tumanining bir qator mahallalari aholisiga moychechak va tirnoqgul o‘simliklar urug‘larini beg‘araz tarqatgan edi. Bu safar esa goji o‘simligini yetishtirish rejalashtirilgan. Mikroelementlar va antioksidantlarga boy mevalari bo‘lgan ushbu dorivor o‘simligi suv yetishmaslik sharoitida ham o‘sishga qodir. Goji mevaga kirganidan so‘ng bir tupidan 3,5 kilogrammgacha hosil beradi. Odatda u may oyidan noyabrgacha meva beradi. Shu davrda 12-13 martoba hosil terib olinadi. Shunday qilib, quritilgan mahsulotlarni sotishda ishsiz ayollar o‘z tomorqalaridan qo‘shimcha daromad olishlari mumkin bo‘ladi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!