Navoiy bo‘limi ishlanmalari bilan yaqindan tanishishdi


Davlat va hududiy investitsiya dasturlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Xususan, 2022 yilning 7 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Shaxloxon Turdiqulova, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Jo‘rabek Mirzamaxmudov va boshqalar ham o‘rin olgan guruh Fanlar akademiyasi Navoiy bo’limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida bo‘ldilar.

Ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 6 iyuldagi “2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-307-son qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023 yillarda ilmiy tashkilotlar tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi”ga kiritilgan beshta innovatsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlanma va takliflar taqdim etildi. Bular quyidagi ishlanmlar:

- Dolomitni kompleks qayta ishlash yo‘li bilan laboratoriya sharoitida magnezit olish usulini ishlab chiqish.

- Metall quyish qoliplari uchun boyitilgan gil kukunini ishlab chiqish.

- «Vaush» koni noma'dan foydali qazilmalari asosida xo‘jalik sovunlari hamda yuvuvchi-tozalovchi vositalarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish.

- Qishloq xo‘jalik ekinlarini bentonit va mineral o‘g‘itli suspenziya bilan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish.

- Navoiy viloyati iqlim va tuproq sharoitlariga mos bentonit asosidagi tarkibida makro-, mezo- va mikroelementlarni kompleks holda saqlagan suyuq o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil qilish.

Ishchi guruh tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!