O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga - 5 yil!


2022 yil 9-10 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashkil etilganining 5 yilligiga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Navoiy shahridagi “Ma'naviyat va ma'rifat markazi” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlarining ishlanmalari ko‘rgazmasi hamda “Fan, ta'lim va ishlab chiqarishning integratsiyasi – rivojlanish va taraqqiyot garovi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, tog‘-konchilik, farmasevtika sohalarini rivojlantirishdagi salmoqli ilmiy hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda yangi texnologiyalarni tadbiq etish, mavjudlarini takomillashtirishdir.

 

Ko‘rgazmada Fanlar akademiyasining 20ga yaqin ilmiy tashkiloti olimlarining 100ga yaqin ishlanmalari, jumladan, xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda amaliyotga tatbiq etilgan ishlanmalar namoyish etildi. Shuni ta'kidlash joizki, Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutining yuqoridagi yo‘nalishlarni qamrab olgan bunday sayyor ko‘rgazmasi ilk bor tashkil etilgan bo‘lib, unga Navoiy viloyatiga tegishli bo‘lgan ishlanmalar tanlab olindi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar orasida viloyatdagi yirik sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligi klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ham – jami 200ga yaqin ishtirokchilar bo‘lib, ular axborot bannerlari va ko‘rgazmalari bilan tanishish, ishlanma mualliflariga savollar berish hamda ularning tavsiyalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Bexzod Yuldashev va Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunovlar so‘ziga chiqib, Navoiy bo‘limi xodimlarini yubiley bilan tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan 2017 yilda tashkil etilishi viloyat uchun nihoyatda katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqea bo‘lganini ta'kidladilar.

Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi tashkil etilgandan so‘ng viloyatimizdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyazot” va “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlarining dolzarb muammolari o‘rganildi hamda ularning ilmiy yechimiga yo‘naltirilgan qarorlar qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda muntazam ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalarining holatlarini tizimli o‘rganish natijasida ularning 100ga yaqin muammolari aniqlanib, FA Navoiy bo‘liminig bevosita ishtirokida mazkur muammolar yechimi bo‘yicha Fanlar akademiyasining tegishli ilmiy tadqiqot institutlari hamda oliy ta'lim muassasalari olimlarining 200ga yaqin takliflari ishlab chiqildi.

2018-2021 yillarda Fanlar akademiyasi ilmiy-tekshirish institutlari, oliy ta'lim muassalari va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida 24 mlrd. so‘mlik 20 taga yaqin xo‘jalik shartnomalari tuzilib, ilm-fan yutuqlari ishlab chiqarishga muvaffaqiyatli joriy etib kelinmoqda.

O‘tgan 5 yil mobaynida Bo‘lim tomonidan Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda 5ta innovasion, 4ta amaliy va bitta fundamental hamda 3ta tijoratlashtirish yo‘nalishidagi loyihalar hamda 2ta xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jalik sohasida ham ilmiy izlanishlar olib borilayotgani, hosildorlikni bir necha barobarga oshirishga xizmat qilmoqda.

Xususan, O‘zbekistonda birinchi bor qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘larini bentonit gili kukuni bilan qobiqlash orqali ularni ekish uchun tayyorlashning innovasion usuli ishlab chiqildi. Dala sinovlari 2018-2020 yillarda Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi bir qator fermer xo‘jaliklarining 396 gektar paxta maydonlarida o‘tkazildi hamda paxta hosildorligi 15-20 foizga oshganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, bo‘lim olimlari tomonidan yaratilgan ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usuli ham hosildorlikning 10-15 foizgacha oshishini tajriba-sinovlarda isbotlandi.

Bu ishlanmalar qo‘shni Tojikistonda ham qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, Tojikiston Respublikasining ilm-fan, texnologiyalar va innovasiyalar sohalarini rivojlantirishning 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga FA Navoiy bo‘limi olimlarining innovasion texnologiyasi bo‘lgan paxtachilikda bentonit gillarini qo‘llash texnologiyasi taklif sifatida kiritilgan.

Aytish joizki, bu ishlanmalar samaradorligini Nurotalik fermer Umrbek Narzullayev qurg‘oqchil mavsumida lalmi yerlarda paxta va g‘alladan mo‘l hosil olishga muvaffaq bo‘lganligi bilan tasdiqladi.

Shuningdek, Navoiy bo‘limi raisi Abdurazak Mirzayev ham ma'ruza qildi. U bo‘lim yutuqlari bilan ishtirokchilarni qisqacha tanishtirdi. Xususan, bugungi kunda bu yerda 24 nafar xodim mehnat qilayotgani, jumladan, 15 nafar ilmiy xodim, shundan 3 nafari fan doktori, 7 nafari fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) ekanligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, bo‘limda doktorantura tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 16 nafar tayanch doktoranti (PhD) tahsil olmoqda. 2020-2022 yillar davomida texnika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun 1 nafar doktorant, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun 8 nafar tayanch doktorant dissertatsiyalarini himoya qilgan bo‘lsa, shulardan to‘rt nafari - muddatidan oldin. Bo‘limda 2020 yildan boshlab stajer-tadqiqotchilar instituti ham o‘z faoliyatini olib bormoqda. 2022 yilda 3ta stajer-tadqiqotchi o‘qishga qabul qilindi.

A.Mirzayev texnik loyihalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, “Navoiyazot” AJda asetilen ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan qurum chiqindisi tarkibidagi noorganik qoldiq qo‘shimchalardan tozalab texnik uglerod olishning flotasion usuli va maqbul texnologiyasi ishlab chiqildi. Buxoro viloyati hududidagi “Tasqazgan koni grafit rudasini flotasiya usulida boyitish”ga bag‘ishlangan amaliy loyiha doirasida grafit rudasini boyitishning innovasion texnologiyasi ishlab chiqildi. Natijada laboratoriya sharoitida grafitli qalamlar, payvandlash elektrodlari va yuqori haroratga chidamli olovbardosh materiallarning namunalari olishga erishildi. Boyitilgan grafitdan foydalanib “Bekobod-Ogneupor” MChJ bilan hamkorlikda olovbardosh materiallar ishlab chiqildi. Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi Vaush koni dolomitidan sanoat tarmoqlarining ko‘pgina korxonalari uchun zarur xom ashyo hisoblangan magniy oksidi olishning kombinasiyalangan yangi usuli ishlab chiqildi. Magniy oksidi respublikadagi mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari va olovbardosh buyumlar ishlab chiqarish korxonalarida  hamda farmasevtika sanoati va tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Vaush koni bentonit gilini qayta ishlash va uning strukturasini modisikasiyalash texnologiyasi ishlab chiqilib, metallurgiyada, quymakorlikda eritilgan metallarni qoliplarga quyishda qoliplar tayyorlash hamda neft va gaz quduqlarini burg‘ulash eritmalari uchun joriy etilmoqda. Bo‘lim olimlari Navoiy viloyati Navoiy shahridagi “Triumf Gornyak” MChJ bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani hududidagi Tebinbuloq konidan vermikulit xom ashyosi chuqur qayta ishlash orqali vermikulitni ko‘pchitish texnologiyasini takomillashtirish, issiqhona sharoitida qishloq xo‘jaligi uchun ko‘chatlarni yetishtirishda foydalaniladigan, zarur organik-mineral ozuqalar bilan to‘yintirilgan bioparchalanuvchan tuvakchalar, shuningdek vermikulitli issiqlikdan himoyalovchi va olovbardosh plitalar ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, Xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan hamkorlik bo‘yicha 80 ga yaqin memorandum va kelishuvlar imzolangan bo‘lib, shundan 30 dan ortig‘i xorijiy tashkilot, muassasa va kompaniyalar, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Belorussiya, Bolgariya, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Eron Islom Respublikasi kabi davlatlaridan.

Rossiyaning “Salus” kompaniyalar guruhi va “Teokorteks” MChJ bilan birgalikda respublikamizning bir qator viloyatlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlariga nokimyoviy ishlov berishga ixtisoslashgan ilmiy-ishlab chiqarish Markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ va Qirg‘izistonning “Kut Darak” MChJ bilan hamkorlikda Nurota tumanining lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasi va ushbu daraxtlarning ko‘chatlari uchun pitomnik tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bo‘limi va Latviya Respublikasining “BAO” AJ o‘rtasida imzolangan o‘zaro kelishuv memorandumi asosida Navoiy viloyatining Konimex tumani “Aznek” maydoni fosforit rudalarini qayta ishlash va boyitishning innovasion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va FA Navoiy bo‘limi o‘rtasidagi ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik doirasida bo‘limning ilmiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2020 yilda mazkur elchixona tomonidan bo‘limga 7 ming AQSh dollari miqdorida beg‘araz yordam ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga tashkil etilgan laboratoriya suv va tuproq tarkibini kimyoviy va mexanik jihatdan tahlil qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tuproqda kimyoviy tahlillar o‘tkazish orqali meliorativ va agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri belgilash va ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish imkonini beradi. 2021 yilning 23 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan “O‘rta Osiyo geologiyasini o‘rganishning hozirgi holati va istiqbollari” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Latviya va Xitoy Xalq Respublikasiing 30dan ortiq turli ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, kompaniya, korxona va tashkilotlaridan 100ga yaqin yetuk geologlar va turdosh yo‘nalishlardagi taniqli olimlar, tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar ishtirok etdi. “O‘rta Osiyo geologiyasi” besh jildli ilmiy risolasini tayyorlash asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Anjuman natijalariga qo‘ra ikki jildli konferensiya materiallari chop etildi va unga 150dan ortiq ilmiy maqolalar kiritilgan.

2022 yil 9-10 iyun kunlari o‘tkazilgan konferensiyaga 300dan ortiq tezislar kelib tushdi, ular konferensiya materiallarining uch jildli to‘plamga kiritilgan. Mualliflar orasida O‘zbekiston, Belorussiya, Belgiya, Bolgariya, Germaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Latviya, Rossiya, Tojikiston kabi dunyoning 11 davlatidan ilmiy tashkilot, korxona va oliy o‘quv yurtlarining olimlari, yosh tadqiqotchilari, doktorantlari va talabalari bor.

Yalpi majlisdagi ma'ruzalar jonli va onlayn rejimda o‘qildi. So‘zga chiqqanlar bunday tadbirlar olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, so‘nggi ilmiy ishlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash imkonini berayotganini alohida ta'kidladilar.

Shuningdek, tadbirlar orasidagi tanaffusda Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan yosh tadqiqotchilar o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi va unda Navoiy bo‘limining 4 nafar doktorant va yosh xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “XXI asr – intellektual yoshlar asri” Respublika ilmiy va ilmiy-amaliy anjumanidagi faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandilar.

 

Ertasi kuni anjumanga kelgan xorijlik mehmonlar bilan muzokaralar davom etdi. Xususan, Belorussiyaning “Politexnik” BMTU ITPning bosh direktorining innovasion faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Pavel Lushik va Rossiya Fanlar akademisi Sibir bo‘limining Avtomatika va elektrometriya instituti tijoratlashtirish bo‘yicha direktori Natal'ya Borovikova bilan uchrashuvda tomonlar turli yo‘nalishlarda hamkorlikni oshirishga kelishib oldilar. Nurota tumanidagi lalmikor yerlarda palovniya plantasiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda hamkor “Paulownia BG” MChJ bosh menejeri Djan Duralov esa plantasiyadagi ishlarning holati bilan joyida tanishdi.

Yakunida Fanlar akademiyasi rahbariyati o‘tkazilgan tadbirlarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilganini ta'kidladi. Ishtirokchilar Navoiy bo‘limi tajribasini inobatga olgan holda Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlarida har yili shunday ko‘rgazma va anjumanlarni o‘tkazish to‘g‘risida qarorga kelishdi.

Fevzi Istablayev,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!