Kooperatsiya – iqtisodiyot rivojlanishining vositasidir


Kooperatsiya – iqtisodiyot rivojlanishining vositasidir

 

Joriy yilning 18 noyabr kuni poytaxtimiz Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma markazida Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tizimdagi uchta institut va Navoiy bo‘limi ishtirok etmoqda.

 

 

Shuni ta'kidlash joizki, mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4302-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 noyabrdagi 947-F-sonli farmoyishi ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil qilindi. Qarorga binoan davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya portali ishlab chiqilgan. Ushbu yirik tadbirda hamkorlar topish, xo‘jalik, shu jumladan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi sifatida sanoat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarini (kontraktlarni) tezkorlik bilan masofadan tuzish imkoniyati sinovdan o‘tkazilayapti.

Yarmarka Respublikamizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va kichik biznes sub'ektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, hududlarning sanoat salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi. Uni o‘tkazish mobaynida sanoat tarmoqlari va kichik biznes sub'ektlari respublikamizda ishlab chiqarilayotgan va o‘zlashtirish yo‘lga qo‘yilgan ilgari import qilinayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda tarmoq xo‘jalik birlashmalari, yirik sanoat korxonalari va Ustav jamg‘armasida 50 foizdan ortiq davlat ulushiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarga mahsulotlar, butlovchi qismlar, materiallar va xom-ashyolarni yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalari tuzish imkoniyatga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, yarmarkada Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi “Elektrokimyozavod” AJ QK bilan ishlab chiqilgan va mamlakatning bir qator viloyatlari paxta dalalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan mahalliy xom ashyolardan import o‘rnini bosuvchi, innovasion qishloq xo‘jaligida o‘simliklarning tez o‘sishini ta'minlovchi preparatlarni hamda pavlovniya daraxtining yog‘och na'munalarini namoyish etdi. Bundan tashqari, gips bog‘loqchi moddalarni ishlab chiqarishning innovasion usuli, kvars qumi boyitish texnologiyasi va dolomit kompleks qayta ishlash orqali magnezitni ishlab chiqarish kabi loyihalarni investorlarga taqdim etdi. Bentonit gillaridan foydalanilgan holda paxtaga ekstraksiyalangan urug‘larni ishlab chiqarish va kiritish hamda qurilish materialllari va bioyoqilg‘i ishlab chiqarish uchun lalmi yerlarda pavlovniya plantasiyalarini yaratish loyihalari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu yarmarka 22 noyabrgacha davom etadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!