Hamkorlik qilishga kelishib olindi


2022 yilning 4 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga Rossiyaning “Восточная буровая компания” (“Sharqiy burg‘ulash kompaniyasi”) mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillari – bosh direktori Andrey Popov, uning o‘rinbosari Dmitriy Korobov va Istiqbolli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Vitaliy Popelyayevlar tashrif buyurishdi. Ularga “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bosh direktori Xabib Abdullayev hamrohlik qildi. Ular bilan Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev va uning o‘rinbosari Quvondiq Nurboyevlar muzokaralar olib bordilar.

Mehmonlarning so‘zlariga ko‘ra, “ВБК” MChJ Rossiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng yirik burg‘ulash kompaniyalaridan biri hisoblanib, 2010 yildan buyon u qattiq foydali qazilmalar va suv zahiralarini qidirish uchun burg‘ulash ishlari bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinni egallagan FORACO International kompaniyasining Rossiyadagi bo‘linmasi hisoblanadi. Kompaniya besh qit'ada yuqori texnologiyali, yirik va logistik jihatdan murakkab burg‘ulash loyihalarini amalga oshiradi. Kompaniya eng og‘ir iqlim sharoitida va borish qiyin bo‘lgan joylarda burg‘ulash ishlari bo‘yicha katta tajribaga ega.

A.Mirzayev o‘z navbatida Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan yaratilgan innovasion loyihalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Xususan, Rossiyadan tashrif buyurgan mehmonlarda Bo‘limning infratuzilmadan uzoqda joylashgan ma'dan va noma'dan foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor geologik qidiruv ishlarini olib borish maqsadida mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologik qidiruv otryadini yaratish g‘oyasi qiziqish uyg‘otdi. Olingan natijalarni manfaatdor investorlarga ular tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash uchun berilishi mumkin. Ushbu otryad, shuningdek, lalmikor yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda mevali bog‘lar yaratish uchun yer osti suvlari bilan ta'minlashda zarur bo‘ladigan yer osti quduqlarini qazishda va yer osti suvlar zahiralarini aniqlash va ularning tarkibini kimyoviy tahlil qilish imkonini beradi.

A.Popov burg‘ulash bo‘yicha mutaxassis sifatida Vaush konidan olingan bentonit gil namunalari bilan juda qiziqdi. Ular burg‘ulash loyini tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin. Bu konda bentonitdan tashqari dolomit va kvars qumlari ham mavjud. Shuningdek, A.Popov o‘z korxonasi bo‘linmalarida istiqbolli yosh kadrlar malakasini oshirish va amaliyot o‘tashlarini bevosita joylarda tashkil etish taklifini bildirdi.

Bularning barchasi tomonlar imzolagan Memorandumda o‘z ifodasini topdi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!