Fosfat qazib olish muhim ahamiyatga ega


Fosforitlar asosan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida qazib olinadigan muhim foydali qazilmadir. Bugungi kunda dunyoda ularga bo‘lgan talab yiliga o‘nlab million tonnani tashkil etadi. Shuning uchun foydali komponentlarning miqdori o‘rta darajalisi bilan ham fosforitli yangi konlarini o‘zlashtirish istiqbolli hisoblanadi. Navoiy viloyatidagi Karakata konining “Aznek” maydoni ham shular qatorida.

Bugun bu yerda konni ustki qatlam sirti ochish ishlari olib borilmoqda. Ishni boshlashini nazorat qilish maqsadida maydonga Latviya Respublikasi "BAO" AJ kengashi raisi Yanis Vilgert hamda mazkur aksiyadorlik jamiyati bo‘linmasi bo‘lgan “BAO Resources SIA Ltd” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonaning bosh direktori Ravshan Djamalov tashrif buyurdi. Ushbu kompaniyaga “Aznek” maydonida foydali qazilmalarni qazib olishga lisenziya berilgan. Latviyalik mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari Bo‘lim raisi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Abdurazak Mirzayev boshchiligida hamrohlik qildilar.

Gap shundaki, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi va Latviya Respublikasining “BAO” AJ o‘rtasida 2020 yilning mart oyida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolangan. Xususan, ushbu hujjatda “BAO” AJning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarini kiritish yo‘li bilan hamkorlik loyihalarini amalga oshirish orqali foydali qazilmalarni, jumladan, donador fosforitlarni qazib olish va qayta ishlash, texnogen hamda maishiy chiqindilarini qayta ishlash, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga imkon yaratish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.

“Aznek” maydonidagi rudani dastlabki tahlili shuni ko‘rsatdiki, tarkibidagi fosfor pentoksidi (P2O5) 17 foizdan 20 foizgacha yoki undan ko‘proqni tashkil etadi. Foydali qazilmaning umumiy zaxiralari 26 million tonnadan ziyodni tashkil qiladi. Hozirgi kunda maydonda kon ishlari ijaraga olingan texnika vositalari yordamida amalga oshirilmoqda. Joriy yilning oxiriga qadar Latviyalik kompaniya loyihaga kamida 3 million AQSh dollarilik konchilik ishlari texnika va transportlari (o‘ndan ortiq dona) shaklida investisiyalar kiritadi. Bu birinchi kirim. Umumiy investisiya taxminan 38,5 million dollarni tashkil etadi. 2021 yilda birinchi bosqichda birinchi ochiq konni samarali o‘zlashtirishni tashkil etishda 70 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Umuman olganda, “Aznek” koni hududida to‘rtta zahirasi tasdiqlangan maydon mavjud bo‘lib, ularda bir vaqtning o‘zida qazib olish ishlari olib borilsa, ishchilar soni 233 kishiga yetadi.

Tomonlar Navoiy shahrida qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bunda Navoiy bo‘limi ilmiy-texnik va intellektual salohiyati bilan ishtirok etadi. Xususan, Bo‘lim olimlari fosforit rudalarini qayta ishlash va boyitishning innovasion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha tezkor-tahliliy tadqiqotlar, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga jalb qilinadi. Bo‘limda Navoiy davlat konchilik instituti bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda ishlanmalar mavjud.

Yaqin oylarda Yevropadan kon ishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarning kelishi kutilmoqda. Ular bilan “Aznek” maydonining 1-sonli konini sanoat miqyosida o‘zlashtirish bo‘yicha yakuniy loyiha hujjatlarini birgalikda tayyorlash rejalashtirilgan.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!