FA prezidenti bilan konstruktiv muloqot


2022 yilning 20 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Bexzod Sodiqovich Yuldashev va vitse-prezidenti, akademik Baxtiyor To‘laganovich Ibragimovlar bilan Navoiy bo‘limi rahbariyati, ilmiy xodimlari, doktorantlari va stajyor-tadqiqotchilari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

B.Yuldashev kirish so‘zida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fan va ta'lim sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, olimlar va o‘qituvchilarga, hususan, ularni moddiy rag‘batlantirishga, samarali faoliyat olib borish uchun shart sharoitlarni yaxshilashga va jamoatchilik nufuzini oshirishga kuchaygan e'tibor haqida gapirdilar. Shuningdek, ilm-fanga o‘zini bag‘ishlashga qaror qilgan yoshlar oldida barcha eshiklar ochilganini, faqat mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirish zarurligini ta'kidladilar. Navoiy viloyatida sanoat korxonalari nisbatan ko‘p bo‘lganligi va zich joylashganligi tufayli mahalliy yosh olimlar ilmiy ishlanmalarni hayotga tatbiq etish uchun barcha imkoniyatlarga ega va bundan foydalanish kerak.

Fanlar akademiyasi bo‘limini ochish tanlovi Navoiy viloyatiga tushganining sabablaridan biri ham shu. 2022 yilning iyun oyida ushbu muhim sanaga besh yil bo‘ladi. O‘tgan davr mobaynida Bo‘lim tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi, ularning natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish kerak. Tadbir ishtirokchilari B.Yuldashevning mazkur sana arafasida Navoiy shahrida ko‘rgazma-yarmarkani o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

So‘ngra FA Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev mehmonlarga Bo‘limda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va istiqbolli ishlanmalar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Xususan, Bo‘limda bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish va ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish innovatsion uslublari g‘o‘za nihollarining 2-3 kun oldin unib chiqib, sog‘lom va baquvvat bo‘lishi hamda hosildorlikning 10-15 foizga oshishiga yordam beradi. Ushbu innovatsion uslublar bug‘doyning “Durdona” navida sinalganda gektaridan 31,6 foizgacha qo‘shimcha hosil olishga erishildi.

Tasqazgan koni grafit rudasini boyitishning innovatsion texnologiyasi ishlab chiqildi. Natijada laboratoriya sharoitida grafitli qalamlar, payvandlash elektrodlari va yuqori haroratga chidamli olovbardosh materiallarning namunalari olishga erishildi. “Bekobod-Ogneupor” MChJ QKning tegishli sinov dalolatnomalari olindi.

Vaush koni dolomitidan sanoat tarmoqlarining ko‘pgina korxonalari uchun zarur xom ashyo hisoblangan magniy oksidi olishning kombinasiyalangan yangi usuli ishlab chiqildi. Magniy oksidi respublikadagi mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari va olovbardosh buyumlar ishlab chiqarish korxonalarida hamda farmasevtika sanoati va tibbiyotda keng qo‘llaniladi.

Vermikulit xom ashyosini chuqur qayta ishlash orqali vermikulitni ko‘pchitish texnologiyasini takomillashtirish, issiqhona sharoitida qishloq xo‘jaligi uchun ko‘chatlarni yetishtirishda foydalaniladigan, zarur organik-mineral ozuqalar bilan to‘yintirilgan bioparchalanuvchan tuvakchalar, shuningdek qurilishda foydalanish uchun vermikulitli issiqlikdan himoyalovchi va olovbardosh plitalar ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi.

Boyitilmagan Markaziy Qizilqum fosforit rudasidan ekstraksion fosfor kislotasi olish texnologiyasini ko‘llash natijasida tarkibida 20 foiz fosfor pentoksidi bo‘lgan kuydirilmagan fosforitlardan ekstraksion fosfor kislotasini olishga erishildi. Ushbu kislota mineral o‘g‘itlar va tuzlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida ishlatiladi. Shu bilan birga ushbu texnologiya doirasida sof dikal'siy fosfat tuzidan tozalangan fosfor kislotasi va tibbiy gips ham olish mumkin.

Kvars qumlarini innovatsion pul'satsion kolonnalar yordamida sutkasida 500 tonnagacha qumlarni boyitish fabrikasi loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu pul'satsion kolonnalardan foydalanish qum donachalari yuzasini loy qoplamalari va temir oksidlaridan yuqori darajada sifatli tozalash imkonini beradi va ularni grafit rudasini boyitish uchun ham ishlatish mumkin. Unining kichik xajmli tajriba uskunasi tayyorlandi.

2021 yilning 23 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan “O‘rta Osiyo geologiyasini o‘rganishning hozirgi holati va istiqbollari” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Latviya va Xitoy Xalq Respublikasiing 30dan ortiq turli ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, kompaniya, korxona va tashkilotlaridan 100ga yaqin yetuk geologlari va turdosh yo‘nalishlardagi taniqli olimlari, tadqiqotchilari, doktorantlari va talabalari ishtirok etdi. Bashoratlangan va tasdiqlangan zaxiralarga ega foydali qazilma konlarining joylashuvi yangilangan ma'lumotlar va xaritalari bilan besh jildli “O‘rta Osiyo geologiyasi” ilmiy risolasini tayyorlash asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Yaqinda anjumanda ishtirok etgan sakkiz davlat mualliflarining 150 dan ortiq maqola va tezislarini o‘z ichiga olgan ikki jildlik konferensiya materiallari to‘plami nashr etildi.

Shuningdek, 2018 yilda Bo‘limda doktorantura ochilganiligi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Doktorlik dissertatsiyalar ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining muammoli masalalarini yechishga qaratilgan. Bo‘limning 1ta Dsc doktoranti va 7ta PhD tayanch doktorantlari, shiningdek 3tasi muddatidan oldin o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. 2022 yilning aprelida yana bir tayanch doktoranti dissertatsiyasini muddatidan oldin himoya qilishi kutilmoqda.

 

2020 yildan boshlab esa Bo‘limda Stajyor-tadqiqotchilar instituti faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘g‘il-qizlar magistratura bosqichidan so‘ng bu yerga tanlov asosida kirib, tayanch doktoranturaga kelgusida topshirish majburiyati bilan ma'lumotlarni to‘plash hamda bo‘lajak ilmiy-tadqiqot ishlarining maqsad va vazifalarini belgilash uchun zarur ishlarni amalga oshirishlari mumkin. Fanlar akademiyasi prezidentining yoshlar bilan suhbati chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, stajyor-tadqiqotchilar institutida bir yil doktoranturaga yo‘l ochish uchun kamlik qiladi. Uni ikki barobarga oshirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, ochiq muloqotda Bulim qoshidagi doktoranturada ekologiya va genomika yo‘nalishlarini ochish, zarur laboratoriya jihozlarini olish kabi masalalar ko‘tarildi. Birinchi holda, rasmiy so‘rovni asoslantirilgan holda tayyorlash, ikkinchi holatda esa nafaqat byudjet mablag‘lariga tayanish, balki xalqaro grant tanlovlarida qatnashishga harakat qilish tavsiya etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, muassasalarda o‘tkaziladigan ilmiy-texnik seminarlar sonini ko‘paytirish zarurligi haqida so‘z yuritildi, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ularning natijalarini tijoratlashtirish uchun qanday choralar ko‘rilganligi qayd etildi.

Tadbirdan so‘ng B.Yuldashev va B.Ibragimovlar Bo‘lim tomonidan Nurota tumani “Umrbek” fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda yevrotexnologiya asosida tashkil etilgan pavlovniya plantasiyasiga tashrif buyurdilar. Bunda ko‘chatzor maydoni 1 gektar bo‘lib, parvarishxonaga 0,4 ga yer ajartilgan. Bu yerda 2022 yilning aprel oyining boshlarida 1000ta pavlovniya ko‘chati va 2000 dona qalamchalari ekildi. Ular Bolgariyaning “Paulownia BG” MChJ tomonidan bepul yuborildi, shu jumladan, transport xarajatlari ham qoplandi. Shuningdek, Qirg‘izistonlik hamkorlar, ya'ni “Qut Darak” MChJ orqali Bolgariya tomoni ko‘chatlarning normal o‘sishi va begona o‘tlar o‘sishining oldini olish uchun zarur bo‘lgan maxsus plyonkani ham yubordi. Plantasiyada tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan.

Kelgusi yilda “Shandong Fatong” Xitoy tadqiqot instituti o‘zining pavlovniya ko‘chatlarini beradi. Shunda O‘zbekistonda pavlovni yetishtirish bo‘yicha Yevropa va Xitoy texnologiyalarini solishtirish mumkin bo‘ladi.

Kelajakda Nurota poligonida tajriba tariqasida maydonining bir qismida yoqilg‘i briketlari olish maqsadida pavlovniya daraxtlari ekiladi, ikkinchisida – barglaridan chorvachilikka yem-xashak olish uchun, uchinchisi - ko‘chatzor uchun ajratiladi, asosiy maydoni esa - yog‘och olish uchun. Shunga ko‘ra, kelgusida plantasiya yaqinida tegishli sexlar barpo etiladi va bularning barchasi birgalikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish klasteriga asos bo‘ladi.

Ijobiy natijalar tajribani O‘zbekiston bo‘ylab tarqatish imkonini beradi, yosh tadqiqotchilar esa palovniyaning mamlakatimiz agroiqlim sharoitlariga moslashuvi bo‘yicha ilmiy ishi uchun ma'lumotlar olishlari mumkin bo‘ladi.

2022 yilning 21 aprelida esa Bo‘limning ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga ekskursiya tashkil etildi. Doktorantlar va stajyor-tadqiqotchilar olib borilayotgan tajribalar haqida so‘z yuritdilar, e'tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarni ko‘tardilar.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Xitoy Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi tez oylarda ilmiy-texnik sohadagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida FA Navoiy bo‘limiga tegishli jihozlar xarid qilish uchun 14 ming AQSh dollari miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor. Ikki yil avval XXR elchixonasi binokulyar mikroskop, ionomer, portativ pHmetr va konduktomer, spektrofotometr, suv xammomi, distilyator, quritish shkafi, magnit aralashtirgich, qizdiruvchi plitalar hamda laboratoriya idishlari va mebellari sotib olishga homiylik qilgan edi.

Yig‘ilish yakunida Fanlar akademiyasi rahbariyati Navoiy bo‘limida barcha zarur yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladilar. Tadbir ishtirokchilari FA Navoiy bo‘limi tashkil etilganining 5 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlarda konstruktiv muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot kotibi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!