Elga xizmat ko‘rsatgan olimning yubilei nishonlandi


Har bir davlatning eng katta boyligi avvalombor insolar bo‘lganidek, har bir tashkilot, korxona va muassasaning boyligi – bu yetuk mutaxassis, o‘z mehnati bilan hamkasblari, umuman el e'tiborini tortib, hurmatini qozongan, tan olingan ustozlardir. Shunday insonlardan biri - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining “Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya” tarkibiy bo‘limi mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Hakimov O‘ktam Toshbotirovichdir. U kishining 60 yoshlik yubileyiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” nomli ilmiy-amaliy seminar 2022 yilning 11 avgust kuni Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tomonidan Navoiy viloyati teleradikompaniyasi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Tadbir Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda FA Navoiy bo‘limi raisi A.U.Mirzayev, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti prorektori T.I.Nurmurodov hamkasblari bilan, Nurota tumani “Nuroniylar” jamg‘armasi boshlig‘i, tuman faoli S.Qulmonov, Nurota tumani “Umrbek” Fermer xo‘jaligining asoschisi U.Narzullayev, tadbir sababchining qarindoshlari, do‘stlari, oldingi va hozirgi hamkasblari hamda boshqa tadbir qatnashchilari so‘zga chiqib, yubelyarni chin qalbidan tabriklab, uning hayoti va ilmiy-tadqiqot ishlari hamda u kishi rahbarligi va ishtirokida bajarilgan loyihalar to‘g‘risida ma'lumotlarni berib o‘tdilar. Bundan tashqari, O‘.T.Hakimov mehnat faoliyatini yorituvchi videorolik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Seminar ishtirokchilari quyidagi ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. O‘ktam Toshbotirovich qishloq xo‘jaligi sohasi, xususan chorvachilik bo‘yicha muammolarni chuqur o‘rganib, ularni yechimini topishga harakat qilib, soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mutaxassis olimdir. Mehnat staji 40 yildan ziyod bo‘lib, 2002 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

O‘.T.Hakimov 1978-1983 yillarda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida tahsil olib, 1984-yildan o‘z mehnat faoliyatini Navoiy viloyati Xatirchi tumani Q.Rahmatov nomli xo‘jalikda ferma mudirligidan boshlagan. 1986-1992 yillarda bosh zootexnik, 1992-93 yillarda viloyat Agrosanoat uyushmasi chorvachilik bo‘limi boshlig‘i, 1993-98 yillar Q.Rahmatov nomli jamoa xo‘jaligi boshqaruvi raisi, 1997-98 yillar O‘zbekiston respublikasi Prezidenti xuzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi, 1998 yilda Navoiy viloyati “Navoiy qorako‘l” uyushmasi raisi, 1998-2000 yillar Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, 2000-2007 yillar Nurota tumani hokimi, 2007-2011 yillar viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasida rais o‘rinbosari va qo‘mita raisi, 2011-19 yillar Navoiy kon metalurgiya kombinati Navoiy mashinasozlik zavodida atrof muhit muhofazasi muxandisi va 2019 yil aprel oyidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida “Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya” tarkibiy bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda. 2007 yil nomzodlik dissertasiyasini himoya qilib, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.

O‘ktam Toshbotirovich Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i va Nurota tumani hokimi bo‘lib ishlagan vaqtlarida davr uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan chorvachilik sohasidagi muammolarni hal etishda o‘zining bor bilim va malakasini ishga solib, ularni bartaraf etish yo‘llari ustida ish olib borgan.

2019 yildan boshlab O‘.T.Hakimov o‘z mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida davom ettirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tamonidan e'lon qilingan xalqaro va mahalliy tanlovlarga bir qator ishlanmalar taqdim etgan. O‘zR FA Navoiy bo‘limi “Kimyo texnologiyasi, nanotexnologiyalar va qishloq xo‘jaligi” tarkibiy bo‘limi ilmiy xodimlari bilan qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda innovatsion agrotexnologiyalar va ularning ekologiyasi bo‘yicha 5ta qo‘llanma tayyorlab fermerlar va tomorqa egalariga taqdim etgan.

Uning ishtirokida ekologiya sohasida, ayniqsa yaylovlar degradasiyasi va cho‘llanishni oldini olish va atrof muhit muhofazasi bo‘yicha ko‘pgina amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi “Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya” tarkibiy bo‘limi va Navoiy davlat pedagogika institutining Tabiiy fanlar fakul'teti o‘rtasida tuzilgan kelishuv asosida hamkorlikda ish olib borilmoqda. 2021 yili O‘zbekiston ovchi va baliqchilar birlashmasi Navoiy viloyati bo‘limi bilan xizmat ko‘rsatish shartnomasi imzolandi va ov hayvonlari populyasiyasini sanoqdan o‘tkazish maqsadida amaliy ishlar olib borildi.

Ushbu shartnomani bajarish uchun NDPI bilan hamkorlikda ov hayvon turlarining 1 gektar maydonchalar sanog‘i tashkil etilib, umumiy maydonga nisbatan ov hayvonlari populyasiyasi soni aniqlandi.

Kuzatuv va sanoqlar shuni ko‘rsatdiki, davlatimiz tomonidan tabiatni muhofaza qilishga va biologik nazoratga qaratilgan e'tibor hamda normativ hujjatlarning qabul qilinishi natijasida yovvoyi hayvon va qushlarning bosh sonining ko‘payib borayotgani quvonarli holatdir.

Bundan tashqari, bugungi kunda O‘ktam Toshbotirovich boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining Nurota tumani lalmi yerlarida pavlovniya plantasiyasini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Plantasiya Bolgariya Respublikasining “Paulownia BG” MChJ bilan hamkorlikda bir gektar maydonda “Umrbek” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerga joriy yilning aprel oyida 1000 dona ko‘chat va 2000 dona qalamchalar ekildi. Dalada daraxtlarning ildiz tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kerakli miqdorda suv va oziq moddalar yetkazib berish imkonini beradigan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Shuni ta'kidlash joizki, pavlovniya juda tez o‘sadigan daraxtdir.

Bugungi kunda, ya'ni, to‘rt oydan bir oz kamroq vaqt ichida pavlovniya plantasiyasidagi daraxtlarning bo‘yi o‘rtacha 2,5-2,7 metrni tashkil etdi. Kelajakda Nurota poligonida tajriba tariqasida maydonining bir qismida yoqilg‘i briketlari olish, ikkinchisida – barglaridan chorvachilikka yem-xashak olish, uchinchisi - ko‘chatzor, asosiy maydoni esa - yog‘och olish maqsadida pavlovniya daraxtlari ekiladi. Shunga ko‘ra, kelgusida plantasiya yaqinida tegishli sexlar barpo etiladi va bularning barchasi birgalikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish klasteriga asos bo‘la oladi.

Yana shuni ta'kidlash joiz-ki, pavlovniya daraxtlarni yetishtirish texnologiyasini o‘rganish maqsadida yaqinda Navoiy viloyatining Nurota tumanidan uch nafar, Andijonlik bir nafar, jami to‘rt nafar yosh mutaxassis Istanbul orqali Bolgariyaga yuborildi. Bo‘lajak mutaxassislar yarim yil davomida Bolgariyaning "Paulownia BG" kompaniyasi pavlovniya plantasiyalarining dalasida ishlash va bilim olish uchun ketishdi. Tez orada yana uch navoiylik yoshlar ularning ketidan yuboriladi.

2022 yil 7 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qarorda paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etilgan bo‘lib, kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13ta tuman orasida Navoiy viloyatidan Navbahor tumani tanlangan.

Bu borada bo‘limda ham muayyan ishlar olib borilmoqda va ushbu jarayonga O‘.T.Hakimov ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan, bo‘lim olimlari tomonidan yaratilgan qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda bentonit gillari kukunidan foydalanish bo‘yicha ikkita innovatsion ishlanma - chigitni bentonit gili kukuni bilan qobiqlash ekish hamda g‘o‘zani bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usullaridir. Bentonitning sorbsion xossalari, ya'ni namlikni o‘ziga singdirish va ushlab turish qobiliyati urug‘larning stresssiz unib chiqishini va ularning barqaror o‘sishini ta'minlaydi, o‘simliklarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Ushbu ishlanmalarni qo‘llash o‘rtacha 15 foizgacha qo‘shimcha hosil olishni imkonini beradi. Tajriba-sinov ishlari davom etmoqda.

Shuningdek O‘ktam Toshbotirovich ko‘plab konferensiyalar va ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etib, bo‘limda amalga oshirilayotgan ilmiy yangiliklar va yutuqlarni targ‘ib qilib kelmoqda.

O‘.T.Hakimov tashkilotchilik, mehnatsevarlik va yuksak insoniy fazilatlari bilan bo‘lim xodimlari orasida hurmat qozongan. FA Navoiy bo‘limida ishlash jarayonida bakalavr va magistrlarga ilmiy rahbar bo‘lib, 10ga yaqin shogird chiqargan.

Tadbir so‘ngida O‘ktam Toshbotirovichga hamkasblari va tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan to‘nlar kiydirilib, yana bir bor tabrik so‘zlari aytildi.

Fevzi ISTABLAYEV,

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!