Bo‘lim ikkita ko‘rgazmada faol qatnashdi


O‘tgan haftada ikkita yirik ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari o‘z ishlanmalari bilan faol ishtirok etdilar.

Jumladan, 2022 yilning 18-19-avgust kunlari Navoiy shahri Yoshlar markazida “InnoWeek-2022” Hududiy innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, unda viloyatdagi 30dan ortiq muassasa, tashkilot va korxonalar ishtirok etib, 500ga yaqin o‘z innovatsion ishlanmalar, texnologiyalar va mahsulotlarini namoyish etdilar. Shulardan biri - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi.

Bo‘limning noma'dan foydali qazilmalarini qazib olish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va pedagogika sohalaridagi ishlanmalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma tashkilotchilari 2022 yil 7 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovasiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-sonli qarori ijrosi doirasida Bo‘limning bentonit foydalaniladegan ikkita innovatsion ishlanmasini joriy etish bo‘yicha fermerlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish tavsiya etildi. Bunga Bo‘lim olimlari bu boradagi ishlar olib borilayotganligini aytishdi. Fermerlar bilan seminarlar o‘tkazib, chigitni bentonit gili kukuni bilan qobiqlash ekish hamda g‘o‘zani bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2-foizlik suspenziyasidan foydalanish usullarini qo‘llash bo‘yicha joylarda amaliy yordam ko‘rsatib, ushbu usullarni qo‘llagan holda “oq oltin” hosilini 15 foizgacha ko‘proq olish mumkinligi tushintirilib kelinmoqda. Shuningdek, bosh miya yarimsharlarning funksional asimmetriyasini hisobga olgan holda, ya'ni neyropedogikada qo‘llaniladigan usullardan foydalanib kadrlarni tanlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishga Bo‘lim olimlari tayyor ekanligi yuzasidan ham ijobiy javob berildi.

Tadbir so‘ngida Navoiy bo‘limi eng faol ishtirokchisi sifatida Sertifikat bilan taqdirlandi va joriy yilning oktyabr' oyida poytaxtimizda o‘tkaziladigan «InnoWeek-2022» xalqaro Innovatsion g‘oyalar haftaligiga yo‘llanma oldi.

19 avgust kuni ilm-fan natijalarini ishlab chiqarish sohalariga tadbiq qilish, yangi ishlanmalarni aprobasiyadan o‘tkazish, sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligi vakillari orasida ilm-fan yutuqlarini targ‘ib qilish maqsadida, shuningdek, mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumida FA ilmiy tashkilotlarining ishlanmalari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Bu yerda Navoiy bo‘limi tomonidan yuqorida qayd etilgan ishlanmalardan tashqari, Vaush konidan (Navoiy viloyati Navbahor tumani) olingan noma'dan foydali qazilmalar – qurilish ehtiyojlari uchun boyitilgan kvars qumi va bentonit gillari, dolomitdan olingan magnezit, shuningdek, Toshqazgan koni (Buxoro viloyati) boyitilgan grafitidan olingan hamda Tebinbuloq koni (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) vermikulitdan tayyorlangan va boshqa mahsulotlar tayyor mahsulotlar taqdim etildi.

Bo‘limga faol ishtiroki uchun, jumladan tashkiliy masalalarda ham bu yerda tashakkurnoma berildi.

FA Navoiy bo‘limi matbuot xizmati.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!